Prezident Bosh vazir va hokimlarga sanitariya-epidemiologiya muassasalari holatini o‘rganishni buyurdi
Jamiyat
−
18 mart 2020
6635O‘zbekistonda yuqumli kasalliklar shifoxonalari va sanitariya-epidemiologiya muassasalarining aksariyati moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, laboratoriyasi, tibbiy anjom va jihozlari achinarli holatga kelib qolgan. Bu haqda bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
Davlat rahbari O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi olib borilayotgan ishlar haqida gapirarkan, shifoxonalarning holatiga e’tibor qaratdi.
“So‘nggi yillarda sanitariya-epidemiologiya masalasiga jiddiy ahamiyat bermoqdamiz. Hozirda yurtimizda 2 ta respublika darajasidagi shifoxona, 14 ta viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari, 216 ta hududiy sanitariya-epidemiologiya muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Biroq, keyingi 25 yil davomida umuman e’tibor bermaganimiz uchun aksariyatining moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, laboratoriyasi, tibbiy anjom va jihozlari achinarli holatga kelib qolgani ham ayni haqiqatdir.
Shu sababli, bugungi kunda respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini tubdan isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan alohida qaror loyihasi tayyorlanmoqda.
Mazkur xizmatning asosiy faoliyati tibbiy va sanitar barqarorlik, jamoat salomatligini ta’minlash, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzini tashkil etishga qaratiladi.
Buning uchun viloyat hokimlari joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi, kadrlar salohiyati, oylik maoshi kabi muammolarni chuqur o‘rganishi zarur.
Ichki moliyaviy imkoniyatlar asosida ularni yil oxiriga qadar bartaraf etish, zaxiralar shakllantirish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, bajarish lozim.
Bosh vazir respublika darajasidagi va Toshkent shahridagi muassasalarni birma-bir joyiga chiqib o‘rganish va zarur chora-tadbirlar qabul qilinishi hamda ijrosi uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Asosiy masala – moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlarni o‘qitish, ilm-fanni rivojlantirish, aholi salomatligi uchun mablag‘ni ayamasligimiz zarur", dedi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi