Prezident Bosh prokuror, DXX raisi, Ichki ishlar vaziri oldiga yangi talablar qo‘ydi
Jamiyat
−
30 iyun 2020
53238Andijon va Qashqadaryodagi bo‘lgan holatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston tergov instituti tashkil etiladi. Tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z borgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIBda, may oyida Andijon shahar IIBda sodir bo‘lgan holat natijasida ikki fuqaro vafot etganiga e’tibor qaratarkan, huquq-tartibot organlarida tergov sifati talabga mutlaqo javob bermasligini aytdi
“Hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga mutlaqo javob bermaydi.
Joriy yil 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo‘ygan 323 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan.
O‘tgan yilning o‘zida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard so‘mlik moddiy va ma’naviy zarar to‘lab berilgan”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega bo‘lish, Sudyalar oliy maktabini o‘qib tugatish kabi talablar qo‘yish orqali tanlovni kuchaytirilgan. Prezidentning fikricha, endi tergovchilikka nomzodlarga ham bunday talablarni qo‘yish kerak.
Prezident O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Oliy sud raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror o‘rinbosari Abduhalim Xolmaxmatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinsabosari Akmal Saidovga bir oy muddatda:
• tergov institutini tashkil etish;
• tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish;
• sohaga ilg‘or tajriba va standartlarni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish talabini qo‘ydi.
Kutilayotgan yangi tizim haqida gapirarkan, davlat rahbari quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
“Pirovardida yangi tergov maktabi va metodologiyasini yaratish kerak. Tergov idoralari nechanchi yildagi uslublar bilan ishlayapti? Qanday texnologiyadan foydalanayapti? Shiddatli rivojlanish jarayonlariga ularni qanday tayyorlayapmiz, degan murakkab savollarga javob topish lozim”.
Yig‘ilishda huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgani tanqid qilindi. Shunday jinoyat turlari borki, ularni har qanday tergov idorasi tergov qilishi mumkin bo‘lsa, ayrim moddalar esa qaysi tergov organiga mansubligi qonunda ko‘rsatilmagan.
"Toki tergovga aloqadorlikka qat’iy amal qilinmas ekan, tergovchi aniq yo‘nalish bo‘yicha ishlamas ekan, na sifat, na natijaga erishib bo‘lmaydi.
Yo‘ldoshev, Azizov, Bobojonov bir oy muddatda tergovga aloqadorlik institutini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqsin", deydi davlat rahbari.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr