Prezident bir guruh tadbirkorlarga mukofot topshirdi
Jamiyat
−
16:55 2253 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, mamlakat taraqqiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, investitsiyalar jalb qilish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy xizmatlarni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh tadbirkorlar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Bugun, 18 avgust kuni Xivada mazkur mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sohasida ilg‘or tajriba va an’analar maktabini yaratish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etishda ibrat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan.
Bugun mazkur mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni “Tadbirkorlar kuni” bilan samimiy tabriklagan.

Qayd etilishicha, mamlakat ishbilarmonlari yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z tashabbusi, bilim va tajribasi bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida salmoqli natijalarga erishmoqda.
Ular tomonidan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilib, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish kengaytirilmoqda, zamonaviy xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, aholi uchun yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari yaratilmoqda.
Ayniqsa, o‘z sohasida ilg‘or tajriba va an’analarni shakllantirayotgan, izlanuvchanligi, kreativ g‘oya va tashabbuslari bilan biznesga innovatsion texnologiyalarni olib kirayotgan tadbirkorlar safi kengayib borayotgani e’tirof etilgan.
Prezident tashabbusi bilan shakllangan an’anaga muvofiq, har yili ilg‘or tadbirkorlar mamlakatning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanib kelmoqda. Joriy yil ham nomzodlarni tanlashda ishlab chiqarish va eksportni ko‘paytirish, investitsiya jalb qilish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishda aniq natija ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Marosimda davlat rahbari davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirgan.
Taqdirlanganlar tadbirkorlikni doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani va ularning mehnatiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirgan.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.
Live
Barchasi