Prezident Beshkentdagi maktabga rejalashtirilmagan holda bordi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2023 17657 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida safar dasturida nazarda tutilmagan manzillar bilan tanishishda davom etmoqda. Davlat rahbari bu safar Qarshi tumani markazi – Beshkent shahridagi 12-maktabni rejalashtirilmagan holda borib ko‘rildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari sinfxonalarni kirib ko‘rgan hamda o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashgan. Maktab sharoitlari, darsliklar sifati bilan qiziqqan. Prezident shuningdek, ayni kunlarda mamlakatda olib borilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va ko‘chat ekish jarayonlarini shu maktab misolida ko‘zdan kechirgan.
Mutasaddilarga ijtimoiy muassasalarni issiqlik bilan ta’minlash, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. O‘z navbatida, maktablarning qurilish standartlarini zamonaviylashtirish, bunda infratuzilma bilan ta’minlanganlik, funksionallik va energiya samaradorligi bilan bog‘liq barcha mezonlarni nazarda tutish zarurligi ta’kidlangan.
“Maktab bor joyda madaniyat bo‘ladi. Pedagoglar boshqalarga har jihatdan o‘rnak. Maktab atrofi obod bo‘lib, mavsumiy gullar yashnab tursa, yoshlarga ham tarbiya, ham da’vat bo‘ladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, “Yashil makon” loyihasi doirasida maktablar atrofida ko‘chat ekish ishlariga ham e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot uchun, Qarshi tumani markazi – Beshkent shahridagi 12-maktabda ayni paytda 1 ming 400 ga yaqin o‘g‘il-qiz o‘qimoqda. Ularga yuzdan oshiq malakali pedagoglar ta’lim bermoqda. O‘tgan yili kapital ta’mirlangan mazkur muassasada o‘quvchilarga bitta kasb-hunar va ikkita xorijiy tilni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, duradgorlik kabi to‘garaklar bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida rejadan tashqari Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga borgan edi.
Live
Barchasi