Prezident BAA bilan hamkorlikdagi energetika loyihalari bilan tanishdi
Jamiyat
−
12 iyul 2022
4852Bugun, 12 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda BAA bilan hamkorlikda 45 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etilgan. Hamkorlik, xususan, energetika sohasida jadal rivojlanmoqda. Bu o‘rinda ta’kidlash joizki, o‘tgan yili Navoiy viloyatida mamlakatdagi birinchi quyosh elektr stansiyasi aynan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan. Bugungi kunda u bir kecha-kunduzda 1 million 180 ming kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib bermoqda.
Yig‘ilishda joriy yildan Birlashgan Arab Amirliklari bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilganiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Taqdimotda energetika sohasidagi loyihalar ijrosi ana shu tizim asosida ko‘rib chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, energetika sohasida BAA bilan yana 5 ta yirik loyihani amalga oshirish kelishilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Xususan, “Mubadala” va “Taqa” kompaniyalari bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish va quvvatini oshirish, “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida shamol, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish mo‘ljallangan.
Yig‘ilishda mutasaddilar loyihalarning hozirgi holati va yil yakunigacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar yuzasidan Prezidentga axborot bergan.
Davlat rahbari bu loyihalar energetika tizimi barqarorligiga hamda iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiya oqimi yanada ko‘payishiga zamin yaratishini ta’kidlagan.
Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish haqida so‘z borar ekan, bu loyiha issiqlik elektr stansiyalarini boshqarish va energiya ishlab chiqarishda namunaviy bo‘lishi kerakligi qayd etilgan.
Prezident Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Masdar” kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energetika sohasida amalga oshiriladigan loyihalar 2030 yilgacha mamlakatda “yashil energetika” ulushini 25 foizga yetkazishda muhim qadam bo‘ladi. Shu bois, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur bitim va hujjatlar imzolashni tezlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
LiveBarchasi