Prezident ayrim oziq-ovqat tovarlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlarini qayta ko‘rib chiqishni buyurdi
Jamiyat
−
31 mart 2022
3974O‘zbekistonda shakar, un, yog‘, go‘sht, choy, bolalar ovqatlari, sut mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlarini qayta ko‘rib chiqiladi. Bosh vazir boshchiligidagi Respublika shtabi uch kuni ichida Prezidentga taklif kiritishi kerak. Bu haqda davlat rahbari bugun, 31 mart kuni bo‘lib o‘tayotgan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ko‘rsatilgan tezkor amaliy yordam sababli bozorlarda go‘sht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxlari barqarorligi saqlanmoqda.
“Demak, harakat qilsak, albatta natija bo‘ladi”, deydi Prezident.
Davlat rahbari Bosh vazir raisligida takshil etilgan bozordagi narx-navoni kundalik ahvoli bo‘yicha zarur tezkor choralarni ko‘rib borish bo‘yicha Respublika shtabiga quyidagilarni topshirdi:
• zarur oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun avval berilgan 500 milliard so‘m imtiyozli resurslarning qaytarish muddati yil yakuniga qadar uzaytiriladi;
• bir hafta muddatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning yuzaga kelgan muammolarini kundalik hal etish tizimi joriy etiladi;
• birja savdolarida oziq-ovqat va xom ashyoning to‘liq qo‘yilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatiladi va sun’iy ravishda narx oshishining oldini olish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rib boriladi;
• uch kun muddatda shakar, un, yog‘, go‘sht, choy, bolalar ovqatlari, sut mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslangan taklif kiritiladi.