O‘zbekiston SHHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining yig‘ilishiga raislik qildi
Jamiyat
−
21 Oktabr 2020
44742020 yil 20 oktyabr kuni videokonferensaloqa orqali Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining o‘n sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilini, majlis ishiga O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev raislik qilgan. Tadbirda SHHT umumiy manfaatlarni himoya qilishning samarali tizimi ekani, tashkilot yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynashi qayd etilgan.
SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining sammitlarida jinoyatchilikka qarshi kurashda, shu jumladan, Tashkilot a’zolari va kuzatuvchilar hamda muloqot sheriklari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish orqali sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligi ta’kidlangan.
“Shu nuqtai nazardan, kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarning Bosh prokuraturalari vakillarining mazkur anjumandagi ishtiroki SHHT doirasida huquqiy sohada idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prokuratura organlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik umumiy maqsadga erishish, ya’ni, SHHT makonida qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni ta’minlashning muhim omilidir”, deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Shuningdek, yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurash doimiy ravishda dunyo hamjamiyati, shu jumladan SHHT davlatlari uchun dolzarb masala ekanligi inobatga olinib, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali mexanizmlari muhokama qilingan va o‘zaro tajriba almashilgan.
Sohadagi mavjud muammolar konstruktiv ravishda muhokama qilinib, ularning yechimi bo‘yicha harakatlarni birlashtirishga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar belgilangan.
Majlis ishtirokchilari yakdillik bilan qayd etganidek, Bosh prokuraturalarning keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlari va tashabbuslari xalqaro maydonda SHHTning obro‘sini va global mavqeyini yanada oshirishga ham xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan hamda SHHTga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining o‘n to‘qqizinchi majlisini 2021 yilda Hindistonda o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
“Majlisda a’zo davlatlarning Bosh prokuraturalari vakillari, kuzatuvchilar va SHHT muloqoti doirasida sheriklar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar mas’ullari ishtirok etgan.
Shuningdek, SHHT bosh kotibi Vladimir Norov, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov va Prokurorlar xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Chxol-Kyu Xvan ishtirokchilarni qutladi”, deyilgan xabarda.
LiveBarchasi