Prezident AQSH Kongressi Vakillar palatasi delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
12:15 548 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keysdan iborat delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida amerikalik qonun chiqaruvchilar O‘zbekiston Prezidenti va xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy qutlagan. Shundan so‘ng, tomonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqqan.

Ikki tomonlama munosabatlarda ijobiy sur’at kuzatilayotgani, siyosiy muloqot yuqori darajada ekani, aloqalar va o‘zaro tashriflar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Ikki mamlakat yetakchilari yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot chog‘ida strategik sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olgan.
Shuningdek, uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshgan. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida yirik loyihalarni boshlash va amalga oshirishni nazarda tutuvchi uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni ilgari surishda AQSH Kongressining muhim o‘rni qayd etilgan.
.jpg)
Bundan tashqari, hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. AQSH delegatsiyasi a’zolari vakillik qilayotgan Missuri, Shimoliy Karolina, Texas va Gavayi shtatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan. Uchrashuv yakunida esa ishbilarmonlik missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 avgust kuni Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoyev Prezident Donald Trampga o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan mamlakatga kelishni taklif qilgandi.
Live
Barchasi