Prezident Abdulla Aripovga bo‘lgan tuhmatlar haqida gapirdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Senatining qo‘shma majlisi Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodi bir ovozdan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirligiga tasdiqlangani haqida xabar bergan edik. Ushbu yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Aripov nomzodini Bosh vazirlikka ko‘rsatarkan, shunday deydi:

“Bosh vazir lavozimiga nomzod tanlash va uni tasdiqlash haqida gap borganda, bu o‘ta murakkab va mas’uliyatli vazifa ekanini barchamiz yaxshi bilishimiz kerak. Bu hayot-mamotimiz. Bosh vazir odamlarni ortidan inontirib, ishontirib biz kecha bugun aytgan vazifalarni amalga oshirishi bu juda murakkab va mas’uliyatli vazifa. Hech kimga sir emas, bu lavozimga chuqur bilim, katta tajriba, keng tafakkur va zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, eng asosiysi, jonkuyar, fidoyi, talabchan hamda tashkilotchi nomzod tanlashimiz zarur. Bu og‘ir masala. 

Albatta, turli sinovlarda toblangan, javobgarlikni zimmasiga olishga qodir, odamlar bilan til topisha oladigan, ularning hurmatini qozongan, qisqacha aytganda, ko‘pni ko‘rgan va jonkuyar odamni topish ancha og‘ir va murakkab vazifadir. 

Bugun sizlarning muhokamangizga taqdim etalayotgan nomzod o‘z faoliyati va avvalgi lavozimlarda bajargan amallari bilan el-yurtimiz erishgan yutuqlarga munosib hissa qo‘shgan shaxs bo‘lishi kerak. Biz bu masala bo‘yicha juda ko‘p o‘ylab, tegishli maslahat va kengashlar o‘tkazdik. Jumladan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbari va faollari bilan bir necha marta atroflicha maslahatlashib oldik. Hamma masalalar, bildirilgan fikr va mulohazalarni inobatga olgan holda men ushbu o‘ta mas’uliyatli lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda ko‘p yillik boshqaruv ko‘nikma va tajribasiga ega bo‘lgan, so‘nggi uch yilda Bosh vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini tavsiya etaman”. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom eta turib, Abdulla Aripovni bir vaqtlar Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgani, tuhmatlar sabab lavozimdan ozod etilganini xotirladi. 

“Abdulla Nigmatovich mana shu uch yilda ko‘p narsalarni o‘rgandilar. Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib yurish u boshqa narsa narsa. Ammo Bosh vazir bo‘lib yurish va katta-katta masalalarni hozirgi sharoitda bo‘yniga olib va ularni bilan til topishib, hududlarni, tarmoqlarni rivojlantirish oson narsa emas. Men 14 yillik ushbu lavozimda o‘tirgan va uch marta qayta-qayta shu lavozimga tayinlangan odam sifatida aytamanki, Bosh vazirning yuragidan qanday hissiyotlar o‘tayotganini men sezaman. Nega desangiz, Abdulla Nigmatovichni men 20 yildan beri yaxshi bilaman. Ko‘p yillar yonma-yon bo‘lib ishlaganmiz. Hayotda ko‘p og‘ir tuhmatlar bo‘ldi va bu tuhmatlarni o‘zidan o‘tkazib hech qachon singani yo‘q. Shuning uchun men lavozimga o‘tirganimdan keyin Abdulla Nigmatovichni qaytarganim ham adolat nuqtai nazaridan bejiz emas”, deydi Prezident.

Ma’lumot o‘rnida, Abdulla Aripov 2005-2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. O‘sha vaqtlarda oshkor etilmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Abdulla Aripov Gulnora Karimova va MTS ishi ortidan tuhmat qurboni bo‘lib, lavozimidan ozod etilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov Qo'shma majlis

Baholaganlar

2337

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing