Prezident aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi
Jamiyat
−
23 may 2019
3307O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22 may kuni “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarida telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan kompleks tashkiliy-texnik choralar telekommunikatsiya xizmatlarining sifatini yaxshilash va turlarini oshirish, shu jumladan, mobil aloqa qamrovini kengaytirishga imkon bermoqda.
Shu bilan birga, olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion hududlarda, magistral avtomobil va temir yo‘llari bo‘yida telekommunikatsiya infratuzilmasini, shuningdek, Internet tarmog‘iga simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish sur’atlari yetarli emas.
Telekommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini ta’minlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
telekommunikatsiya tarmoqlari, qurilmalari, vositalari va ob’ektlari, operatorlar va provayderlarning mobil aloqa bazaviy stansiyalari, shu jumladan, ijaraga beruvchilarning hududlarida ijara asosida o‘rnatilgan stansiyalar (keyingi o‘rinlarda – telekommunikatsiya ob’ektlari) mulkchilik shaklidan qat’i nazar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlari hisoblanadi;
muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlari, shu jumladan, kabel kanalizatsiyasi, past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalar bilan ta’minlanmagan jamoat, sanoat, turar joy, ma’muriy binolar va inshootlarni qurish hamda foydalanishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, loyiha-smeta hujjatlari 2019 yil 1 iyulgacha tasdiqlangan binolar va inshootlar bundan mustasno;
telekommunikatsiya ob’ektlarini ko‘chirish, qayta o‘rnatish, shuningdek, ularning faoliyatiga uchinchi shaxslar tomonidan har qanday aralashish yuzaga kelgan muammolarni hal etishning boshqa imkoniyatlari mavjud bo‘lmagan hollardagina hamdafaqat mazkur ob’ektlarning egasi bilan kelishilgan holdaamalga oshiriladi. Bunda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining telekommunikatsiya ob’ektlarini ko‘chirish yoki qayta o‘rnatish, ularni sozlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha xarajatlari mazkur o‘zgarishlarning tashabbuskori tomonidan to‘liq hajmda qoplanadi;
binoda yashovchilardan telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etishga ariza mavjud bo‘lganda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga bino ichida telekommunikatsiya tarmoqlarini past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmadan beg‘araz asosda foydalangan holda o‘tkazishni rad etishga yoki to‘sqinlik qilishga haqli emaslar, mobil aloqa baza stansiyalarini o‘rnatish bundan mustasno.
2. 2019 yil 1 avgustdan shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
a) davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni ta’minlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:
ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;
“O‘zbektelekom” AK tomonidan Internet tarmog‘iga kirish xizmatini ulanish joyidan qat’i nazar yagona tarif bo‘yicha taqdim etilishi;
olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan telekommunikatsiya vositalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni beg‘araz asosda taqdim etish;
b) telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda solig‘i hamda yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlarini yaratishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlariga, ular telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanganidan so‘ng, ularning buyurtmalari bo‘yicha telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishlari uchun zarur mablag‘larni ajratsin.
3. Belgilansinki:
Wi-Fi texnologiyasi bo‘yicha simsiz ma’lumotlar uzatish uchun signal quvvatidan qat’i nazar 2400-2483,5 MGs va 5000-5999MGs radiochastota polosalarida ekspluatatsion yig‘im va radiochastota spektridan foydalanganlik uchun to‘lov undirilmaydi;
davlat ko‘chmas mulkidan telekommunikatsiya ob’ektlarini o‘rnatish uchun foydalanganlik ijara to‘lovining eng kam stavkalari, oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llamagan holda, “simli elektr aloqasi”dan foydalanish maqsadi bo‘yicha stavkaga teng miqdorda qo‘llaniladi.
4. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga 2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat subdomenida (gov.uz) joylashtirilgan axborot resurslariga kirishda ishlatiladigan trafik uchun haq olmaslik tavsiya etilsin.
5. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga 2022 yil 1 yanvarga qadar telekommunikatsiya ob’ektlarini qurish-montaj ishlarini, radioelektron vositalarni o‘rnatish maydonchalarini (joylarini) o‘rnatilgan tartibda kelishgandan so‘ng, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jamoat, ma’muriy, turar joy va sanoat maqsadlaridagi binolar va inshootlarni loyihalashga topshiriqlarni hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish bosqichlarida majburiy tartibda quyidagi talablarni ko‘zda tutsinlar:
binolarda telekommunikatsiya ob’ektlarini o‘rnatish uchun tegishli maydonlar va infratuzilmalarni, ularga elektr ta’minotini keltirgan holda, ajratilishini;
binolar ichida telefoniya, ma’lumotlar uzatish va Internet tarmoqlari, kabel televideniye va efir televideniyasini jamoaviy qabul qilish tizimlari, shuningdek, “xavfsiz uy” va qo‘riqlash signalizatsiyasi kabellarini o‘tkazish uchun past tokli kabel shaxtalari mavjudligini;
turar joy, jamoat, ma’muriy va sanoat hududlarida telekommunikatsiya liniyalarini yotqizish va telekommunikatsiya ob’ektlarini (telekommunikatsiya shkaflari, antenna minoralari, machtalari va boshqalar) o‘rnatish uchun tegishli yer uchastkalari ajratilishini.
7. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga telekommunikatsiya ob’ektlarini o‘rnatishga har taraflama ko‘mak bersin, shuningdek, zaruratga ko‘ra, ularning temir yo‘llar bo‘yidagi elektr tarmoqlariga ulanishini ta’minlasin;
yo‘l-transport infratuzilmasini qurish va kapital ta’mirlashda bir vaqtda temir yo‘llari bo‘ylab, shuningdek, zaruratga ko‘ra, avtomobil yo‘llari bo‘ylab kelgusida telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga ijaraga berish uchun telekommunikatsiya kanalizatsiyasini qurishni ko‘zda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish hamda olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlarga, shuningdek, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyat markazlarida tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining server hamda telekommunikatsiya qurilmalarini zamonaviy maydonchalarda joylashtirish bo‘yicha xizmatlar majmuasini taqdim etuvchi xosting va trafik almashuvi markazlarini tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida keng polosali ulanish va mobil Internet qamrovi zonalari to‘g‘risida hududlar kesimidagi ma’lumotlarni chop etib borsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining murojaatlari asosida olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yo‘llari bo‘ylarida doimiy foydalanish (yoki uzoq muddatli ijara) huquqida telekommunikatsiya tarmoqlarini, shu jumladan, optik-tolali aloqa liniyalarini, antenna minora va machtalarini hamda telekommunikatsiya ob’ektlarini o‘rnatish xonalarini qurish uchun yer uchastkalarining o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mobil aloqa va simsiz ulanish qurilmalaridan turli chastotalardagi elektromagnit nurlanishi ta’siri xavfsizligining sanitariya qoidalari va me’yorlarini qayta ko‘rib chiqsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “O‘zbekenergo” AJ bilan birgalikda olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yo‘llar bo‘ylarida quyidagilarni o‘z vaqtida ta’minlab borsin:
telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari murojaatlari bo‘yicha telekommunikatsiya ob’ektlarini elektr tarmoqlariga ulash;
viloyatlar va tumanlar markazlaridagi mobil aloqa tarmoqlari bazaviy stansiyalarini hamda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining markaziy bog‘lamalarini, teleradioeshittirish ob’ektlarini elektr tarmoqlaridan o‘chirilmaydigan toifali ob’ektlar qatoriga kiritish;
elektr tarmoqlari tayanch ustunlariga telekommunikatsiya tarmoqlarini beg‘araz asosda o‘rnatishga (osishga) ruxsat berish.
12. 2022 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar tomonidan olib kiriladigan telekommunikatsiya vositalari ilovaga muvofiq bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turistik ob’ektlarda bosqichma-bosqich, shu jumladan, 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik shartlarida Internet tarmog‘idan simsiz foydalanish bo‘yicha ommaviy nuqtalarni tashkil etsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishga texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish va tegishli xulosa berishni ular kiritilgan sanasidan boshlab ikki hafta muddatda ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda telekommunikatsiya ob’ektlarini olib kirish, loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish va qisqartirish;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish
va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 22 may
LiveBarchasi