Prezident 29 ta tumanda ishlab chiqarish 4,5 trillion so‘mga kamayganini aytdi
Jamiyat
−
26 may 2025 8127 2 daqiqa
O‘zbekistonning 29 ta tumanida ishlab chiqarish 4,5 trillion so‘mga kamaygan. Bu haqda bugun, 26 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari so‘zining avvalida bugungi tahlikali va noaniqliklarga to‘la sharoitda har bir mamlakat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayotganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan tashqi bozordagi tebranishlar sharoitida 1 millionga yaqin aholi ishlayotgan to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotimizning yana bir “drayveri” bo‘lishi kutilayotgan zargarlik sanoatiga yangi sur’at bag‘ishlash muhimligi qayd etildi.
O‘tgan 4 oyda sanoat 6,3 foizga o‘sib, 290 trillion so‘mga yetdi.
“Bu – hozirgi murakkab sharoitda o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasi. Lekin 29 ta tumanda ishlab chiqarish 4,5 trillion so‘mga kamaygan. Bu kichkina raqamlar emas”, dedi davlat rahbari.
Prezidentning ta’kidlashicha, sanoat, eksport va tushum bo‘yicha “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikal tizimidagi masalalar o‘z vaqtida va to‘liq hal qilinganida sanoatda yana 2 foizlik o‘sishga erishish mumkin edi. Masalan, o‘tgan 4 oyda Payariqda sanoat qariyb 2 baravarga, Paxtachida 38 foizga pasaygani oqibatida ishlab chiqarish 210 milliard so‘mga kamaygan.
Poytaxt sanoatining uchdan birini beradigan Sergeli va Yashnobodda 300 milliard so‘mlik mahsulot kam ishlab chiqarilgani bois Toshkent shahri sanoatida 1,1 foiz o‘sish boy berilgan.
O‘rtachirchiq, Qibray, Parkent, Ohangaron tumanlari, Angren, Bekobod shaharlaridagi 25 ta hududiy korxona o‘tgan yilgidan 1 trillion so‘mga kam mahsulot chiqargani bois, 30 million dollar eksport yo‘qotilgan.
Yoki yanvar-mart oylarida sanoatda o‘sish qilgan Qarshi, Mirishkor, Bulung‘ur, Dang‘ara, O‘zbekiston, Xiva tumanlari aprelga kelib ko‘rsatkichlarini keskin tushirib yuborgan. Shu munosabat bilan uch kun muddatda “respublika – tarmoq – viloyat – tuman” vertikali bo‘yicha har bir masalani tezkor hal qilish uchun respublikadan aniq mas’ullarni belgilash va joylarga yuborish topshirildi. Vertikal bo‘yicha qaysi bo‘g‘inda muammo yechilmasa, o‘sha tizim mas’ullaridan so‘rov qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Live
Barchasi