Prezident hokimlarga fermerning g‘allasini tortib olishni qat’iyan taqiqladi
Jamiyat
−
11 may 2022
6945O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimlarga turli vajlar bilan fermerlar yetishtirgan g‘allani olib qo‘yishni taqiqladi. Bu haqda bugun, 11 may kuni Prezident raisligida o‘tkazilayotgan don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda g‘alla qabul qilish punktlari sonini kamaytirish va keyingi yildan boshlab ularni xususiylashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
“Hokimlar bir narsani aniq tushunib olishlari zarur. Bug‘doyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar.
Shuning uchun, bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi.
Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Marhamat, qaysi hududdagi korxona birjada yutib olsa, hech qanday to‘siqlarsiz g‘allani olib ketishi mumkin”, degan Prezident.
Bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari bu masalani shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qat’iy choralar ko‘rib borishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.