Prestianni Vinisius bilan mojaroda aybdor bo‘lsa, “Benfika”dan haydaladi – Mourino
Sport
−
02 mart 1091 2 daqiqa
Portugaliyaning “Benfika” jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino klub futbolchisi Janluka Prestianni Vinisius bilan yuzaga kelgan irqchilik mojarosida aybdor deb topilsa, jamoadan chetlatishini ma’lum qildi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
“Agar mening futbolchim mening tamoyillarim va “Benfika”ning qadriyatlariga hurmatsizlik qilgan bo‘lsa, unda uning Joze Mourino boshqaruvidagi jamoada kelajagi bo‘lmaydi. Men olim emasman, ammo johil ham emasman. Aybsizlik prezumpsiyasi – inson huquqi. Agar u haqiqatan ham aybdor deb topilsa, men unga endi avvalgidek qaray olmayman va u uchun bu yerda hammasi tugaydi”, deydi Joze Mourino.
Joriy yilning 18 fevral kuni Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Benfika” va “Real Madrid” (0:1) o‘rtasidagi ilk uchrashuvda madridliklar hujumchisi Vinisius Junior hakamga murojaat qilib, Prestianni uni “maymun” deb haqorat qilganini da’vo qilgan. Argentinalik futbolchi ayblovlarni rad etdi.
Epizod vaqtida Prestiannining og‘zini libosi bilan yopib gapirgani sababli vaziyatni aniqlash qiyin bo‘lgan. Shunga qaramay, Prestianni javob uchrashuvida maydonga tushmadi. UEFA holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda.
Ma’lumot uchun, Prestianni 2024 yil qishida “Veles Sarsfild”dan 9 million yevro evaziga “Benfika”ga ko‘chib o‘tgan. 20 yoshli futbolchi Portugaliya klubi safida 45 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 4 ta assist qayd etgan. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi.
Live
Barchasi