Poytaxtdagi ekologiyaga zararli korxonalar Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlarga ko‘chiriladi. Bu haqda bugun, 11 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilishda aytildi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatiga keyingi 8 yilda 10 milliard dollar hududiy, 8 milliard dollar tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgan.

Oxirgi 3 yilda yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalar soni 1,8 barobar oshib, 1,7 mingga yetgan. Yana aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga ko‘paygan. Natijada oldingi yillarda yillik o‘rtacha eksport 1 milliard dollarga ham yetmagan bo‘lsa, shu yilning 8 oyida bu raqamdan oshgan.

Viloyatda xitoylik investorlar tomonidan 2,1 milliard dollarlik yirik sanoat parklari tashkil etilmoqda. Shuningdek, viloyatni 2025-2027 yillarda jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarorlari qabul qilinib, ular ijrosi uchun 40 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilgan. Bularning bari hududlarda ishsizlikni pasaytirib, kambag‘allik darajasini qisqartirish imkonini bermoqda. Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirishning aniq hisob-kitobi qilingan.

Bunday natijalarni oshirish maqsadida davlat rahbarining tashabbusiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzilgan. Yig‘ilishda shtab tomonidan tayyorlangan reja va loyihalar taqdimot qilingan.

Prezident tomonidan mazkur loyihalarni bekam-ko‘st amalga oshirishga ko‘maklashish, ayrim masalalarni zudlik bilan yechish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Jumladan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investitsiya ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun 2 ta nimstansiya qurish ko‘zda tutilmoqda.

Bekobod shahrida import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor. 

Umuman, viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Ularning natijasida 11 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.

Prezident loyihalar bilan atroflicha tanishib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tgan.

“Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik iste’mol va xizmatlar bozorini, ya’ni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari ham qatnashgan. Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlar “Toshkent invest” kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chirilishi aytildi.

Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lash vazifasi belgilandi. Bu orqali u yerlarda ham yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshadi, odamlar poytaxtga qatnab ishlashi mumkin bo‘ladi.

Viloyatdagi 263 ta mahalla biror mahsulot yetishtirish, sanoat yoki xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashmagan. Shu bois, ularda bog‘dorchilik, limon, uzum, malina, brokkoli va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish mo‘ljallanmoqda. Bu mahallalarga “Agrostar” kompaniyasini bog‘lab, urug‘, ko‘chat va kafolatli xarid bo‘yicha odamlarga yordamlashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Toshkent viloyati yer va suvga juda boy. Bundan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish bilan birga ularni qayta ishlab, eksportini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Umuman, barcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi va unga O‘rta Chirchiq hamda Quyi Chirchiq tumanidan jami 1309,76 gektar yer maydoni ajratilishi haqida xabar berilgan edi. Aeroport uchun ajratilgan sug‘oriladigan yerlar 1075,45 gektarni, bog‘lar 112,69 gektar, yaylov va pichanzorlar 0,65 gektar, boshqa yerlar esa 120,97 gektarni tashkil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Toshkent viloyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing