Ehtimoliy prezident sifatida ko‘rilgan Tashiyev nega kuchdan ketdi?
Olam
−
20:45 8051 2 daqiqa
2020 yildan bugunga qadar Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasini boshqargan va navbatdagi prezident bo‘lishi mumkinligi aytib kelingan Qamchibek Tashiyev davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish maqsadida barcha lavozimlardan ozod etildi. Bu haqda Prezident Sadir Japarovning matbuot kotibi Askat Alagozov bayonot berdi.
Askat Alagozovning izoh berishicha, Sadir Japarovning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan.
Qamchibek Tashiyev 1968 yil 27 sentyabrda Jalolobod viloyati Suzak tumanining Barpi qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1992 yilda S.M.Kirov nomidagi Tomsk politexnika universitetini muhandis-kimyogar-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha, 1999 yilda esa J.Balasagin nomidagi Qirg‘iz milliy universitetini yurisprudensiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1993-1998 yillarda “Meerim-Ay” ishlab chiqarish firmasining direktori lavozimidan boshlagan. 1998 yil iyunidan 2005 yilgacha Jalolobod viloyati davlat ma’muriyatining Tadbirkorlik va investitsiyalar departamenti, “Tomas” ishlab chiqarish-tijorat firmasi, “Elet-Kench” qishloq xo‘jaligi kooperativi, Qirg‘iziston Bosh vaziri apparati hamda Bishkek shahri meriyasi Lenin tumani davlat ma’muriyatida turli lavozimlarda ishlagan.
2005-2007 yillarda Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputati, Yoqilg‘i-energetika majmuasi va suv resurslari bo‘yicha qo‘mita raisi, 2007-2009 yillarda Favqulodda vaziyatlar vaziri, 2010-2013 yillarda yana Jogorku Kenesh deputati bo‘lgan.
2020 yil oktyabridan 2021 yil oktyabrigacha Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 2021 yil 13 oktyabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Uning o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Ushbu iste’fodan bir necha soat o‘tib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Live
Barchasi