Postsovet hududidagi parlament tizimi o‘zini eng yaxshi tomondan ko‘rsatmadi – To‘qayev
Olam
−
03 yanvar 5315 2 daqiqa
Postsovet mamlakatlaridagi parlament tizimi hali o‘zining eng yaxshi tomonlarini ko‘rsatmadi. Gruziyadagi so‘nggi voqealar bu xulosani yaqqol tasdiqlaydi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Ana tili” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Parlament tizimi, albatta, mavjud bo‘lish huquqiga ega. U bir qator Yevropa va hatto Osiyo mamlakatlarida chuqur ildiz otgan. Ammo, umuman olganda, har bir davlat siyosiy tuzumni tanlashda tarixiy sharoit, milliy mentalitet va siyosiy amaliyotdan kelib chiqadi. Xodimlarim jahon amaliyotini puxta o‘rganmoqda", deydi Prezident.
Uning aytishicha, davlat hokimiyatining siyosiy tizimini tanlash juda mas’uliyatli qaror bo‘lib, u parda ortida emas, balki faqat umumxalq referendumi orqali qabul qilinishi kerak.
“Kuchli Prezident – nufuzli parlament – hisobdor hukumat” konsepsiyasi Qozog‘istonning siyosiy tizimiga eng mos kelishiga ishonchim komil. Ammo bu konsepsiyani to‘liq amalga oshirish uchun biz ko‘p mehnat qilishimiz kerak. Ishonchim komilki, hozir va yaqin kelajakda prezidentlik boshqaruv shakli Qozog‘iston uchun eng maqbuldir. Davlatimizning barqaror rivojlanishiga putur yetkazuvchi qarorlar qabul qilishga mening ham, barchamizning ham haqqimiz yo‘q. Bu yerda xato qilishning iloji yo‘q", dedi To‘qayev Qozog‘istonning parlament boshqaruv tizimiga o‘tishini nazarda tutuvchi tub islohot tayyorlanayotgani haqidagi gap-so‘zlarga izoh berib.
To‘qayevning postsovet mamlakatlaridagi parlament tizimi hali o‘zining eng yaxshi tomonlarini ko‘rsatmaganini tasdiqlagan Gruziyadagi so‘nggi voqealar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu mamlakatda 2024 yil 26 oktyabr kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi va unda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi g‘alaba qozondi. Biroq muxolifat va o‘sha paytdagi prezident Salome Zurabishvili ovoz berishning rasmiy natijalarini qabul qilishdan bosh tortdi va ko‘plab qonunbuzarliklar sabab aholini norozilik namoyishlariga chaqirdi.
Yangi saylangan parlament 14 dekabrga prezidentlik saylovlarini belgiladi va faqat bitta nomzod – sobiq futbolchi Mixail Kavelashvili ishtirok etgan saylovda u 300 kishidan iborat saylovchilar kollegiyasining 224 nafari tomonidan saylandi. Zurabishvili esa 29 dekabr kuni prezident saroyini tark etdi.
Live
Barchasi