Portugaliyada favqulodda holat e’lon qilindi

Olam

image

Portugaliya ekstremal issiq tufayli favqulodda holat e’lon qildi. Mamlakatning markaziy qismida kunduzi havo harorati 44 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Portugaliyaning materik qismidagi 18 ta okrugdan 12 tasi yaqinlashib kelayotgan jazirama sababli “qizil” hudud deb e’lon qilindi. Bunday qaror Portugaliya dengiz va atmosfera instituti (IPMA) tomonidan qabul qilindi.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, issiqlik to‘lqini kamida 6 kun davom etadi va ayniqsa, markaziy Portugaliyada kunduzgi hamda tungi maksimal harorat bilan kuzatiladi. Xususan, Alenteju hududida kunduzi 44 darajagacha, kechasi esa 28 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda.

IPMA’ning qayd etishicha, sohilbo‘yi hududlarida ham anomal vaziyat yuzaga keladi, u yerda dengiz shabadasining ichki hududlarga qarab harakatlanmasligi va/yoki uning zaifligi bir necha kun davom etadigan yuqori harorat ko‘rsatkichlariga zamin yaratadi, bu esa ba’zi hududlar uchun kamyob hodisa hisoblanadi.

Shuningdek, IPMA ultrabinafsha nurlanish indeksining juda yuqori – hatto xavfli bo‘lgan 11-darajagacha ko‘tarilishidan ogohlantirmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, shifokorlar aholining zaif qatlamlarini himoya qilish uchun munitsipalitetlarni zudlik bilan konditsioner tizimi bilan jihozlangan markazlarni ochishga chaqirgan. U yerda odamlar eng og‘ir soatlarni o‘tkazib olishlari, shuningdek, psixologik, tibbiy va ijtimoiy yordam olishlari mumkin bo‘ladi.

Sinoptiklarning bildirishicha, 2021 yilgacha Portugaliyada yiliga o‘rtacha birdan uchtagacha issiqlik to‘lqini kuzatilgan. 2022 yildan boshlab esa bu ko‘rsatkich olti-sakkiztagacha ko‘paygan, shu bilan birga, ular uzoqroq davom etadigan, kuchliroq tus olgan va tobora an’anaviy yoz oylaridan tashqari vaqtlarda ham tez-tez sodir bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyada joriy yilning iyun oyida kuzatilgan issiq havo fonida kamida 900 ta va Fransiyada qariyb 1000 ta o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing