Portlashdan ko‘rilgan zarar davlat hisobidan qoplanayotganiga izoh berildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Sergeli tumanida sodir bo‘lgan portlash oqibatida aholi uylariga yetkazilgan zararning davlat hisobidan qoplab berilayotgani jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov mazkur holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Hidoyatovning ma’lum qilishicha, fuqarolik va jinoyat qonunchiligi bo‘yicha xususiy tadbirkorning noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni davlat emas, balki aybdorlarning o‘zi qoplab berishi kerak. 

Biroq ayni kunlardagi voqealar rivojida nega bunday qilinyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Protsessual qonunchilikka ko‘ra, sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar bo‘yicha aybdorlarni aniqlash va ularning harakatlariga huquqiy baho berish hamda zararni qoplash bo‘yicha tergov harakatlari va sud jarayoni ko‘p vaqt talab etadi. 

Bugungi kunda mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yong‘in oqibatida talafot yetgan xonadonlarni sovuq tushmasidan ta’mirlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 23-moddasida davlat o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi belgilangan.

“Shu bois, tergov va sud jarayonlari yakuniga yetguniga qadar ta’mirlashga sarflanadigan mablag‘lar zaxira jamg‘armasidan ishlatilmoqda. Shuningdek, tergov va sud ishlari yakuniga yetgach, ta’mirlash uchun zaxiradan ishlatilgan pullar tiyin-tiyinigacha aybdorlardan sud orqali undirib olinadi”, degan Bekzod Hidoyatov.

Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.

Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

byudjet portlash Saida Mirziyoeva zarar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing