Poraxo‘rlarning jazosini yengillatish taqiqlanmoqda
Jamiyat
−
03 dekabr 2021
5098Bugun, 3 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Ahamiyatlisi, ilk bor quyi palata majlisi jonli efirga uzatilmoqda.
Majlisda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Mazkur hujjat bilan Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirilmoqda. Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun aybdor shaxsga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirish maqsadida Jinoyat kodeksining 167 va 168-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilganligi ushbu moddalarning og‘irroq qismiga o‘tkazilib, mazkur qilmishlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga yengillashtiruvchi normalarni qo‘llashni cheklash maqsadida qator normalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalarida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tatbiq qilinmasligi belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
LiveBarchasi