“Pora olmaydiganlar emas, berishni bilmaydiganlar bor”. Yangi O‘zbekistonda odamlar pora beryaptimi? (video)
Intervyu
−
09 dekabr 2021
19229O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasida pora olgan shaxslarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Ushbu jinoyat og‘ir holatlarda sodir etilganda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 211-moddasida pora berish jinoyati uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimadan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi haqida aytilgan.
QALAMPIR.UZ 9 dekabr "Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish" kuni munosabati bilan korrupsion holatlar yuzasidan aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi.
Muxbir respondentlarga, har doimgidek "Korrupsiya nimaligini bilasizmi?", "Korrupsiya bormi?", deb emas, balki "Siz pora berganmisiz?" degan ochiq savol bilan yuzlandi. Avvaliga bu savolga javob berishdan ko‘pchilik qochadi yoki shunchaki “yo‘q” degan javob bilan o‘zini muhofazalaydi, deb o‘ylagan edik. Biroq natija kutganimizdan boshqacha bo‘ldi. Odamlarimiz jamiyatda korrupsiya borligini va o‘zi ham pora berish va olish jarayonining ishtirokchisi ekanini tan olyapti. Bu esa korrupsiya qonunan xatarli bo‘lsa-da jamiyat orasiga singib, uning hayot tarzining ajralmas qismiga aylanib qolganini ko‘rsatadi.
So‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda ham pora berilmasa, biron ishni hal qilish juda qiyin.
Bugun korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish haqida bot-bot gapirilayotgan, qonunlar qabul qilinayotgan bir paytda, oddiy xalq korrupsiyaning jinoyat ekanini bila turib, pora bermoqda. Albatta, oluvchi bo‘lsa, beruvchi ham topiladi. Yoki aksincha qo‘ltig‘iga karmonini qistirib yurgan odamning qarshisidan, albatta, o‘sha karmonning egasi chiqadi. Uydagi kayvonalarning aytishlaricha, olmaydigan odam yo‘q, berishni bilmaydiganlar bor.
O‘zbek jamiyatida korrupsiya nisbatan ko‘cha-ko‘yga banner ilib, maktablarda o‘quvchilarga insho yozdirib kurashib bo‘lmaydi. Qachonki, inshoni yozayotgan o‘quvchi maktabga pora evaziga joylashgan, ko‘chalarga ilingan korrupsiyaga qarshi chaqiriq bannerlari ortida esa million-million “otkat”lar bo‘lsa... Oqibatda odamlar bora-bora shiorbozlikdan charchaydi, islohotlarga ishonchsiz bo‘lib qolaveradi.
Masalaning boshqa tarafi ham bor: to‘g‘ri, quyi tizimda korrupsiya kamaygandir, tag tomiri bilan yo‘q bo‘lgandir. Lekin savol tug‘iladi: xo‘sh, o‘sha qaysi tizim? Aytaylik, mahallada “spravka”ni pora evaziga olmayotganingiz tayin. Shifoxonada doktor va hamshiralar qo‘lingizga qaramay ham qo‘ygan. Maktabda-ku o‘qituvchilar “Och qornim – tinch qulog‘im”, deydi. Ba’zan ularga ko‘nglimiz bo‘shlik qilib, og‘ir mehnatining yonida yordam bo‘lsin uchun “choy icharsiz”, deb qistirib ketamiz. Ba’zan berganimizga choydan boshqa narsa ham olib bo‘lmaydi. Va ko‘pincha korrupsiyaga qarshi kurash haqida gap ketganda ham nahanglar qolib, aynan shunday mayda holatlar muhokama qilinadi.
Mana, yaqinda Bosh prokuratura xodimi 29 ming AQSH dollari bilan qo‘lga tushdi. Har holda “mulla akam” tadbirkordan buncha pulni so‘raganlariga qaraganda, birinchi marta bu ishga qo‘l urmayotgandek ko‘rindilar. Va albatta, sheriklari ham bo‘lsa kerak degan gumon paydo bo‘ladi kishida. Xullas, jamiyatda pora olish va berish bor. TVda aytilayotgan balandparvoz gaplar bilan odamlar orasidagi gaplar orasida yer bilan osmoncha farq borligi ham buning isboti.
Gapning indallosi, yuqoridagi videyeopleyer yoki quyida so‘rovnomani tomosha qiling. Pora berganlarning hayajonli fikrlari sizga ham qiziq bo‘lishi aniq.
LiveBarchasi