Pop tumaniga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
27 may 5643 2 daqiqa
Namangan viloyatida Xalq deputatlari Pop tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda G‘ulomjon Sobitxo‘jayevich Murodxo‘jayev tumanning yangi rahbari etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sessiyada viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etib, keyingi yillarda Pop tumanida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib, hozirga qadar tuman rahbari vazifasida ishlab kelayotgan A’zamjon Sultonov salomatligiga ko‘ra vazifasidan ozod etish haqida ariza yozganini ma’lum qildi.
Shu tufayli G‘ulomjon Murodxo‘jayev yangi hokim sifatida ish boshlaydigan bo‘ldi. Deputatlar ham viloyati hokimining bu boradagi qarorini bir ovozdan tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, G‘ulomjon Murodxo‘jayev 1979 yil 14 noyabr kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1999 yilda Namangan davlat universitetini, 2010 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 1999 yilda Namangan viloyati Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari boshqarmasi yetakchi mutaxassisi sifatida boshlagan.
2000-2011 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi, Namangan viloyati monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hududiy boshqarmasida turli mas’ul vazifalarda ish olib borgan.
2011-2013 yillarda Namangan shahar hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2013-2016 yillarda Namangan viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i, 2016-2020 yillarda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumaniga yangi rahbar tayinlangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr