Pompeoning Toshkentga tashrifi uchinchi davlatlar manfaatiga zid emas – Ne’matov

Jamiyat

image

Ma’lumki, joriy yilning 3 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonda bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Toshkentda o‘tgan “Markaziy Osiyo – AQSH” (S5+1) formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etdi. 

Ma’lumki, Pompeoning O‘zbekistondagi tashrifi va o‘tkazgan muzokaralari Rossiya va Xitoyning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Bir tarafda Xitoy elchixonasi Pompeo Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonga tashrifi davomida mamlakat rasmiylarini Xitoydagi uyg‘urlarga nisbatan munosabatga qarshi qayragan deb baholadi. Ikkinchi tarafdan Rossiya mazkur tashrifga o‘z e’tirozini bildirib, “AQSH dunyoning har qaysi mintaqasida istaganimni qilaman deb ishonadi, shuning uchun sheriklarini Rossiya va Xitoyga qarshi qayrayapti”, degan bayonot bilan chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov boshqa mamlakatlarning xavotiriga nisbatan munosabat bildirdi. 

"Shuni ta’kidlamoqchimanki, Toshkentning birorta davlat bilan hamkorligi boshqa davlat bilan aloqalarga qarshi qaratilmagan. U yoki bu derjavaning yuqori martabali amaldorlarining oliy tashriflari esa uchinchi davlatlar manfaatiga zid emas. Biz faqatgina o‘zimizning milliy manfaatlarimizga amal qilamiz va Rossiya Federatsiyasi bilan ham, AQSH bilan ham, Xitoy bilan ham do‘stona aloqalardamiz. Bu yerda hech qanday ziddiyatga o‘rin yo‘q", deydi diplomat Ne’matov. 

AQSH Davlat kotibi tomonidan aytilgan, "Qozog‘iston va O‘zbekiston infratuzilmasi Xitoyda chiqqan o‘lim keltiruvchi koronavirusga qarshi kurashishga tayyor emasligi" haqidagi gaplarga izoh berar ekan, diplomat, epidemiya boshlangan vaqtdan buyon respublika TIV XXR va boshqa davlatlardagi hamkasblari bilan birgalikda chet elda bo‘lib turgan o‘z fuqarolariga zarur yordamni ko‘rsatayotganini qayd etdi.

Joriy yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xitoy Xalq Respublikasiga gumanitar yordam yuborish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu farmonga binoan insonparvarlik yordamining birinchi yuki Xitoyga yetkazib berildi. 

Vazir o‘rinbosari OAV bilan muloqot davomida Xitoyda koronavirusning tarqalishi va uning oldini olish borasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi. 

"Bizga ma’lum bo‘lishicha, holat hozirda nazoratga olingan va virus yoyilishi tezligi pasaygan. Bu haqda xitoylik hamkasblarimizdan xabar topdik. Biz samolyotlarimiz yordamida 500dan ortiq fuqarolarimizni evakuatsiya qildik, bundan tashqari 2 mingdan ziyod o‘zbekistonliklarga boshqa davlatlar tomonidan yordam ko‘rsatilgan. Xitoydagi konsulligimiz va elchixonamiz vatandoshlar bilan muntazam aloqada, biz ushbu umumiy xatarga qarshi ishlarni faol davom ettirmoqdamiz",  deydi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov. 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Ne'matov

Baholaganlar

69

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing