Pompeo BMT vakilining Sulaymoniy o‘ldirilishi bo‘yicha ayblovini yolg‘onga chiqardi
Olam
−
10 iyul 2020
5813AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo BMTning sudsiz qatl qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Agnes Kallamarning eronlik general Qosim Sulaymoniyning amerika harbiylari tomonidan o‘ldirilishi to‘g‘risidagi fikriga javob qaytardi.
Agnes Kallamar Islom inqilobi posbonlari korpusining “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniyning AQSH hujumi natijasida o‘ldirilishini qonunga zid deb baholagandi.
“Biz BMTning maxsus ma’ruzachisi Kallamarning IIPK “Al-Quds” kuchlari generali Qosim Sulaymoniyning AQSH havo zarbasi natijasida o‘ldirilishi yuzasidan e’lon qilgan hisobot, fikr va vajlarini inkor qilamiz. Kallamar xonimning xulosalari fiktiv... AQSH zarbaning xalqaro huquqqa zid emasligi bo‘yicha asoslarga ega”, degan Pompeo.
Pompeo havo hujumi Eron Islom Respublikasining qator qurolli hujumlari va jangarilarni qo‘llab-quvvatlashiga javob bo‘lganini ta’kidladi.
“Sulaymoniy o‘ldirilgan havo zarbasi EIR va u qo‘llayotgan jangarilar tomonidan Yaqin Sharqda AQSH kuchlari va manfaatlariga qarshi uyushtirilgan qator hujumlarga javob edi. Zarba Eronni kelajakda AQSH va uning manfaatlariga qarshi hujum tashkillashtirishdan yoki uni qo‘llab-quvvatlashdan tiyish hamda “Al-Quds” bo‘linmasining harbiy imkoniyatlarini qisqartirish uchun amalga oshirildi”, dedi Pompeo.
Holatga munosabat bildirgan BMT vakili davlatlar o‘z-o‘zini himoya qilish nima ekani va bu vajdan o‘ziga yoqmagan insonlarni yo‘q qilishda foydalanish qanchalik to‘g‘ri ekani yuzasidan aniq to‘xtamga kelib olishi kerakligini qayd etgandi.
Eslatib o‘tamiz, Qosim Sulaymoniy joriy yilning 3 yanvar kuni Bag‘dod aeroportida AQSH havo hujumi natijasida o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy mojaro qurolli to‘qnashuvga aylanish xavfi yuzaga kelgandi.
Xususan, Iroqdagi AQSH elchixonasi oldiga bir necha bor raketa tushgan. Bundan tashqari, Eron Iroqdagi AQSH harbiy bazalarini bombardimon qilgandi.
Avvalroq, Eronda Sulaymoniyning Bag‘doddagi joylashuvini MRBga sotgan xoin o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi