Pompeo Afg‘oniston Hukumati va “Tolibon” vakillari bilan uchrashdi
Olam
−
22 noyabr 2020
6656AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalalarini rasmiy Kobul va “Tolibon” harakati vakillari bilan muhokama qildi. Qatar poytaxti Dohada u har ikki tomonning muzokarachilari bilan uchrashdi.
Pompeo muzokaralar jarayoni davom etayotganini ta’kidlab, uning ishtirokchilarini siyosiy yo‘l xaritasi, zo‘ravonlik va o‘t ochishni butunlay to‘xtatish bo‘yicha muloqotni boshlashga chaqirdi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar jarayonga doir masalalarda kelishib olishgan va tez orada asosiy punktlar muhokamasiga kirishadi.
“Agarda hozircha butkul o‘t ochishni to‘xtatishga erishning imkoni bo‘lmasa, odamlar bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rishi va his qilishi uchun zo‘ravonliklarni sezilarli darajada kamaytirib, insonparvarlik nuqtai nazaridan o‘t ochishni to‘xtatishdan boshlaymiz”, degan Afg‘oniston Milliy yarashuv bo‘yicha Oliy kengashining rahbari Abdulla Abdulla.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Davlat kotibining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralaridan bir kun oldin mamlakat poytaxti Kobulga raketa hujumi amalga oshirildi. Afg‘oniston poytaxtiga 20 raketa uchirildi. Natijada 10 dan ortiq odam halok bo‘ldi va 50 dan ortig‘i jarohatlandi. Raketalardan biri Eron elchixonasi hududiga tushdi. Diplomatik idora vakillaridan hech kim jarohatlanmadi.
LiveBarchasi