Politsiya Olmaotadagi hostel ijarachisini qo‘lga oldi, u yerda 13 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
01 dekabr 2023
5568Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari Olmaotadagi yong‘inda 13 kishi halok bo‘lgan hostelning ijarachisini qo‘lga oldi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
“30 noyabr kuni Olmaota yotoqxonasida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan Jinoyat kodeksining 292-moddasi 3-qismi (Yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha sudgacha tergov boshlandi”, deyiladi bayonotda.
Huquqni muhofaza qilish organlarining tajribali xodimlaridan idoralararo tergov-tezkor guruhi tuzilib, ekspertiza tayinlandi.
“O‘sha kuni prokuratura xodimlari tomonidan ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilinib, hostel ijarachisi A.Muhamedyarov qo‘lga olinib, vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi. Tergov doirasida hostel faoliyatiga aloqador barcha shaxslarning harakatlariga baho beriladi”, deya izoh berdi matbuot xizmati.
Olmaota shahrida Adi Sharipov ko‘chasidagi hosteldagi yong‘inda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar:
• Nusrat Abdulla o‘g‘li Abduvohidov – 2000 yil 29 noyabr kuni tug‘ilgan – joriy yilning 21 noyabr kuni Qozog‘istonga borgan;
• Saylabay Indimatdinovich Kaliyev – 2000 yil 9 yanvar kuni tug‘ilgan – Qozog‘istonga qachon borgani noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, 30 noyabr kuni soat 05:33 atrofida Olmaota shahrining Adi Sharipov ko‘chasida joylashgan binoda yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyat vaqtida ichkarida 72 kishi bo‘lgan. Ularning aksariyati evakuatsiya qilingan. Qutqaruvchilar yetib kelgach, 13 kishining jasadi topilgan. Ulardan 9 nafari Qozog‘iston, ikki nafari O‘zbekiston va yana ikkisi Rossiya fuqarolari ekani aniqlandi. Shuningdek, ikki kishi shifoxonaga yetkazilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qurbon bo‘lganlar karbon monoksit (is gazi)dan zaharlanish oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
Yong‘in ortidan favqulodda holat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi.
LiveBarchasi