Poliklinikalar 24 soat ishlaydigan bo‘ladi

Jamiyat

image

Toshkentdagi oilaviy poliklinikalar 24 soatlik ish rejimiga o‘tkaziladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir o‘rinbosari va Sog‘liqni saqlash vaziriga tegishli topshiriqni berdi.

Yig‘ilishda pandemiyani jilovlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar joylarda tizimli yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini, ya’ni oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmagan.

Toshkent shahridagi 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy polikinikada har birida 50 dan 200 nafargacha tibbiyot xodimi mavjud bo‘lsa-da, ularning aksariyati kunning faqat birinchi yarmida bemorlarni qabul qilishadi.

Har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasining yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish uchun shakllantirilgan 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan bo‘lishi kerak, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yo‘q.

Deyarli barcha poliklinikalarda rentgen-diagnostika kabinetlari mavjud, lekin ularning imkoniyatlaridan umuman foydalanilmayapti.

Agar ushbu poliklinikalar aholini samarali patronaj xizmatini amalga oshirsa, tabiiyki, 103 raqamli tez tibbiy yordamga bosim qisqaradi va aholi orasida sarosima yuzaga kelishining oldi olinadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va Sog‘liqni saqlash vazirligiga poytaxtdagi 75 ta polikinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ortiq shifokor va hamshirani infeksiyaning yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berildi.

Shuningdek ushbu faoliyatga jalb qilinayotgan shifokor va hamshiralar mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tuman bo‘limlariga koronavirusga PSR-analizi olishga va tahlil javobini Respublika agentligiga yubormasdan, bevosita bemorlarga topshirish tartibi o‘rnatildi va bu orqali tahlil javoblarini kutish davri qisqaradi.

Toshkent shahri tez tibbiy yordam stansiyasida operatorlarning mehnat sharoiti yaxshilandi va bir smenada faoliyat olib borayotgan operatorlar soni 40 tadan 100 nafarga yetkazildi. Stansiyaga qo‘shimcha elektr tarmog‘i ulandi, brigadalar soni 250 tagacha ko‘paytirildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati tez tibbiy yordam xizmati uchun jami 100 ta Damas ambulans mashinasi ajratildi, shulardan 25 tasi joylarga tarqatildi.

Poytaxt viloyatida koronavirus kasalligi gumonlangan shaxslarni davolash va nazoratini olib borish uchun 905 shifo o‘rin, diagnozi tasdiqlanganlar uchun 210 o‘rin statsionar shifoxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda va qo‘shimcha 350 zaxira o‘rin tayyorlab qo‘yildi.

“O‘ztelekom” korxonasi tomonidan uyali telefon apparatlari tarqatilmoqda.

Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash jarayoni uchun 49 xil turdagi dori vositalari zaxirasi uchun dastlabki 10 milliard so‘m pul ajratilishi rejalashtirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanidek, 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirildi, murojaatlarning asosiy qismi kelib tushadigan vaqt oralig‘ida (soat 18:00 dan 24:00 gacha) eng tajribali operatorlar xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

165

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing