Polshadagi prezidentlik saylovida konservator Navrotskiy g‘alaba qozondi

Olam

image

Polshadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida muxolifatdagi konservativ “Qonun va adolat” partiyasidan nomzod bo‘lgan Karol Navrotskiy eng ko‘p ovoz to‘pladi. Buni bugun, 2 iyun kuni ertalab Davlat saylov komissiyasi e’lon qilgan saylov natijalari ko‘rsatmoqda.

Byulletenlarning 100 foizi sanab chiqilgach, Navrotskiy 50,89 foiz, uning raqibi Varshava meri Rafal Tshaskovskiy esa 49,11 foiz ovoz olgan.

Karol Navrotskiy Polsha prezidenti lavozimida avgust oyida muddati tugaydigan konservativ Anjey Duda o‘rnini egallaydi.

“Navrotskiyning g‘alabasi liberal-konservativ Bosh vazir Donald Tusk boshchiligidagi Polsha hukumati uchun jiddiy zarba bo‘ldi”, deb yozadi AFP.

Yaqinda o‘tgan prezidentlik saylovlari nafaqat Polsha, balki butun Yevropa uchun muhim ahamiyatga ega: Tshaskovskiyning g‘alabasi Tusk va uning islohotlariga yangi turtki berardi. Shu paytgacha bu islohotlarga amaldagi o‘ng qanot millatchi Prezident Anjey Duda to‘sqinlik qilib kelgan.

Duda singari 2023 yilgacha hukmronlik qilgan o‘ng qanot millatchi “Qonun va adolat” partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Navrotskiy Polshaning Ukrainani yanada faol qo‘llab-quvvatlashini shubha ostiga qo‘yishi mumkin. 

42 yoshli Karol Navrotskiy yangi siyosatchi. Saylov kampaniyasi davomida u “Birinchi navbatda Polsha” shiori ostida tashviqot olib bordi. U mamlakatdagi bir millionga yaqin ukrainalik qochqinlarni “Polshadan foyda olayotganlikda” ayblaydi. Navrockiy Ukrainaning NATOga kirishiga qarshi va AQSH Prezidenti Donald Trampga xayrixohlik qiladi.

Ipsos so‘rov instituti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy saylovlarda saylovchilarning faolligi 2020 yilgi saylovlarga nisbatan sezilarli darajada oshgan. Bu gal ovoz berishda 71,63 foiz saylovchilar ishtirok etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich atigi 68,2 foizni tashkil etgan.

Polshada prezident asosan rasmiy vakolatlarga ega, u qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni, tashqi siyosatni shakllantirishda ishtirok etadi va qonunlar kiritish yoki ularga veto qo‘yish huquqiga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha Karol' Navrotskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing