Polshada fuqarolar qo‘lidagi qurollar rekord darajaga yetdi

Olam

image

Polsha politsiyasi tomonidan taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda qonuniy ravishda egalik qilingan o‘qotar qurollar soni birinchi marta 1 milliondan oshdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Polsha 2025 yilda rekord darajadagi 50 700 ta qurolga ruxsatnoma bergan. Bu esa ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolik o‘qotar qurollarining umumiy sonini birinchi marta 1 milliondan oshishiga sabab bo‘lgan.

O‘tgan yil oxiriga kelib, faol ruxsatnomalar soni 411 769 taga yetgan. Bu 2015 yilda ro‘yxatdan o‘tgan 192 819 tadan ikki baravarga ko‘p.

2025 yilda eng ko‘p arizalar 21 071 ta bilan kollektor ruxsatnomalariga to‘g‘ri kelgan. Sport ruxsatnomalari 17 601 ta bilan ikkinchi o‘rinda. Shuningdek, shaxsiy himoya uchun 7254 ta ruxsatnoma arizalari kelib tushgan.

Egalik huquqining ko‘payishi 2022 yilda boshlangan. O‘shanda 2021 yilgi 19 939 taga nisbatan 37 402 ta yangi ruxsatnoma berilgan. Polsha otish poligonlari o‘sha yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishidan keyingi haftalarida tashrif buyuruvchilar sonining keskin oshgani haqida xabar bergan.

O‘sish sur’atlariga qaramay, har 100 polshalikka taxminan 2,5 ta o‘qotar qurol to‘g‘ri kelgan. Bu Yevropa Ittifoqidagi eng past ko‘rsatkichdir.  Finlyandiya har 100 kishiga 32,4 ta qurol bilan reytingda yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Avstriya 30 va Kipr 29,1 ta qurol bilan egallagan.

Ma’lum bo‘lishicha, tanqidchilar ruxsatnoma tizimini isloh qilishga chaqirgan. Varshava politsiyasining sobiq boshlig‘i, jinoiy terrorizm va qotillik ishlari bo‘yicha ishlagan Dariush Lorantining aytishicha, hozirgi tizim juda ko‘p vakolatlarni bitta idoraga jamlagan.

Polsha qonunlari alkogol ta’sirida qurol olib yurish yoki unga egalik qilishni qat’iyan taqiqlaydi.

“Kimdir qurol bilan bo‘lsa, u aroq ichmaydi”, degan Loranti o‘z so‘zida.

Shuningdek, u ruhiy tushkunlik alomatlari bo‘lgan har qanday kishiga qurolga egalik qilish taqiqlanishi kerakligini aytib, yanada qat’iyroq tekshiruvlar o‘tkazishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

qurol Pol'sha rekord

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing