Polsha Ukraina uchun Starlink'ni boshqa operator bilan almashtirishi mumkin
Olam
−
10 mart
2292Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy milliarder Ilon Maskning Starlink tizimini “Ukraina armiyasining tayanchi” deb atagan va uning yopilishiga shama qilgan bayonotiga javob qaytardi. Shu haqdagi tegishli bayonotini u kecha, 9 mart kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.
“Ukraina uchun Starlink'ka Polsha Raqamli Texnologiyalar vazirligi to‘lov qiladi va bu yiliga taxminan 50 million dollar turadi. Agar SpaceX ishonchsizligini isbotlasa, biz boshqa yetkazib beruvchilarni qidirishga majbur bo‘lamiz”, deb yozdi Sikorskiy.
Polsha vazirining postidan bir necha soat oldin, xuddi shu ijtimoiy tarmoqda Maskdan “bema’ni gaplarni to‘xtatishni” so‘ragan, shuningdek, uni Rossiya Federatsiyasi va uning Pezidenti Vladimir Putinga haddan tashqari hamdardlikda ayblagan foydalanuvchi Adam Lovits bilan suhbat chog‘ida milliarder uning Starlink tizimlari Ukraina mudofaa urushidagi harbiy amaliyotlarda muhim rol o‘ynashini aytgandi.
“Mening Starlink tizimim Ukraina armiyasining tayanchidir. Agar men uni o‘chirib qo‘ysam, ularning butun oldingi chizig‘i qulab tushadi”, deb yozdi yaqinda AQSH Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari.
U Ukraina Qurolli Kuchlarini sun’iy yo‘ldoshlardan uzib qo‘yish imkoniyatini jiddiy o‘ylab ko‘rayotganiga aniqlik kiritmagan holda, ko‘p yillar davom etgan, boshi berk ko‘chaga tushib qolgan “Ukraina muqarrar ravishda yutqazib qo‘yadigan qirg‘in” uning “joniga tekkani”ni qo‘shimcha qilgan.
Qayd etish joiz, fevral oyi oxirida, agar tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan Starlink interneti Ukrainada yopilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. “Reuters” xabariga ko‘ra, AQSH Prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg, agar nodir metallar bo‘yicha kelishuv imzolanmasa, Kiyevdagi muzokaralarda Starlink kompaniyasi “tez orada yopilishi” bilan tahdid qilgan. Keyinchalik Mask buni rad etdi.
Ayni paytda Yevropada Ukrainadagi Starlink’ni muqobil operator bilan almashtirish haqida munozaralar davom etmoqda. “Reuters” xabariga ko‘ra, Franko-Britaniya Eutelsat guruhi Ukrainadagi Starlink o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan OneWeb sun’iy yo‘ldoshlari haqida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib bormoqda.
“Biz Ukrainaning sa’y-harakatlarini kuchaytirishga qanday hissa qo‘shishimiz mumkinligi haqida Yevropa Ittifoqi bilan fikr almashmoqdamiz”, deydi Eutelsat vakili.
U kompaniyaning mintaqadagi ba’zi ilovalar uchun mos bo‘lgan geostatsionar sun’iy yo‘ldosh quvvatiga ega ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Ta’kidlash joiz, Yevropa Ittifoqi avvalroq Ukraina bilan Govsatcom’dan Starlink’ga mumkin bo‘lgan muqobil sifatida foydalanish imkoniyatini muhokama qilgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

