Polsha Netanyaxu hibsga olinmasligini ma’lum qildi

Olam

image

Polsha hukumati rahbari Donald Tusk Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Xalqaro jinoyat sudi (XJS) buyrug‘iga zid ravishda mamlakatga kelsa, hibsga olinmasligiga va’da berdi. Bu haqda kecha, 9 yanvar kuni hukumat tegishli hujjatni imzoladi.

Tuskning so‘zlariga ko‘ra, u Polsha Adliya va Tashqi ishlar vazirlariga ushbu qarorni qonuniy ta’minlashni so‘rab murojaat qilgan.

“Bir tomondan, bizda Xalqaro sudning buyrug‘i bor, ikkinchi tomondan, menga boshidanoq Isroil Bosh vaziri, Isroil Prezidenti yoki ushbu davlatning boshqa vakili Isroilga aloqador yubiley tantanalarda to‘liq huquq va xavfsizlik hissiga ega bo‘lishi kerak”, degan u.

U, shuningdek, isroillik siyosiy yetakchilarning Osvensim ozod qilinganining yubileyini nishonlashda xavfsiz ishtirok eta olmaganini tasavvur qila olmasligini ta’kidlagan.

Shu kuni Polsha hukumati yuqori martabali Isroil vakillarining Osvensim ozod qilinganini nishonlashda erkin ishtirok etishini kafolatlovchi rezolyutsiyani e’lon qildi.

“Polsha hukumati 2025 yil 27 yanvardagi tantanalarda Isroil yetakchilarining xavfsiz ishtirok etishini ta’minlashni Xolokost qurbonlari bo‘lgan millionlab qizlari va o‘g‘illari bo‘lgan yahudiy xalqiga hurmat ko‘rsatishning bir qismi deb hisoblaydi”, deyiladi hukumat idorasi bayonotida.

Bundan oldinroq, Polsha Prezidenti Anjey Duda ham hukumatga Netanyaxuning xavfsizligini ta’minlash iltimosi bilan murojaat qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Isroil Bosh vazirining o‘zi Osvensimdagi marosimda qatnashmoqchimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Taxminlarga ko‘ra, Isroil delegatsiyasiga Ta’lim vaziri Yoav Kish boshchilik qiladi.

Polsha Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudning a’zo davlatidir. XJS, odatda, xalqaro munosabatlarda mutlaq immunitetga ega bo‘lishiga qaramay, davlat rahbarlarini hibsga olish huquqiga ega deb hisoblaydi. Noyabr oyida Netanyaxu va Isroil sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni G‘azo sektorida urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, hibsga olish uchun order chiqarilgan edi. Isroil esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni qat’iyan rad etib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Jerusalem Post” nashri Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 27 yanvar kuni Polsha hududida joylashgan Osvensim konslageri ozod etilganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etsa, hibsga olinishini yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha Donal'd Tusk Netan'yaxu Isroil Bosh vaziri Osventsim kontslageri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing