Polsha XJS orderini bajarib, Netanyaxuni hibsga oladi
Olam
−
05 dekabr
4526Polsha hukumati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakatga kelgan taqdirda, uning hibsga olinishi bo‘yicha Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderini bajaradi. Bu haqda Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Anjey Sheyna ma’lum qildi.
“Polsha Xalqaro jinoiy sud qarorlarini hurmat qiladi va ularni bajaradi. Isroil Bosh vaziri nima qilish kerakligini biladi. Bunday vaziyatda u Rim statuti ishtirokchisi va XJS qarorlarini tan oluvchi istalgan mamlakatda bo‘lishni xohlamaydi, deb o‘ylayman”, dedi Sheyna.
Unga ko‘ra, Varshava XJS bilan uning qarorlarini bajarish doirasida hamkorlik qilishga majbur. Shuning uchun bunday holatda davlat rahbari uchun odatiy bo‘lgan immunitet va daxlsizlik amaliyoti qo‘llanilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 21 noyabr kuni XJS Netanyaxu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order bergandi. Ular 2023 yilning 7 oktyabridan 2024 yilning 20 mayiga qadar Falastin hududida, jumladan G‘azo sektorida sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar deb topilgan. XJS dastlabki sud palatasi ularni qotilliklar, ta’qiblar va boshqa g‘ayriinsoniy xatti-harakatlar, shuningdek, urush olib borish yo‘lida tinch aholini ochlikka mahkum qilishda ayblamoqda.