Polsha Germaniya chegarasiga qo‘shin yubordi
Olam
−
04 Oktabr 9309 2 daqiqa
Polsha hukumati mamlakatning g‘arbiy va sharqiy chegaralarida chegara qo‘shinlariga yordam berish maqsadida muntazam Qurolli kuchlar bo‘linmalarini joylashtirdi. Bu haqda respublika Milliy xavfsizlik byurosi saytida xabar berildi.
Tegishli farmonni kecha, 3 oktyabr kuni Polsha Prezidenti va Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Karol Navrotskiy imzolagan.
“2025 yil 5 oktyabrdan 2026 yil 4 aprelgacha Polsha Qurolli kuchlari qismlari va bo‘linmalari davlat chegarasining daxlsizligini, jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash uchun Germaniya Federativ Respublikasi va Litva Respublikasi bilan bo‘lgan davlat chegaralari hududidagi o‘tish punktlarida va chegara zonalarida xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning 1 oktyabr kuni Polsha Ichki ishlar vaziri Marsin Kervinskiy Germaniya va Litva bilan chegara nazoratini yana olti oyga uzaytirish to‘g‘risida farmon imzolagan. Bu choralar “Boltiq mamlakatlaridan Polsha orqali G‘arbiy Yevropaga o‘tuvchi migratsiya yo‘lini nazorat qilish” maqsadida ko‘rilgan.
“Bu yerda biz migrantlarni G‘arbga noqonuniy olib o‘tishga uringan shaxslarni qo‘lga olyapmiz. Belarus bilan chegara yaxlitligini saqlash va uni himoya qilish Chegara xizmati uchun hal qiluvchi vazifadir”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan avgust oxirigacha Polsha chegara xodimlari Litvadan Polshaga noqonuniy kirgan 483 nafar migrantni qo‘lga olgan. Shuningdek, “55 nafar yordamchi va tashkilotchilar” ham ushlangan, ulardan 50 nafari hibsga olingan. Polshadan Germaniyaga noqonuniy o‘tgan 2 mingdan ortiq kishi qo‘lga olingan, ularning 550 nafardan ortig‘i ilgari Belarus-Polsha chegarasini kesib o‘tgan xorijliklar. Germaniya bilan chegara hududida esa Litvadan Polshaga noqonuniy kirgan 250 ga yaqin chet ellik ushlangan. Shu bilan birga, 300 dan ortiq kishi Germaniyadan Polshaga noqonuniy kirgani aniqlangan.
Live
Barchasi