Polsha ham Ukrainaga xavfsizlik kafolatini berdi
Olam
−
23 yanvar
4430Polsha NATOning Vilnyusdagi sammitida qabul qilingan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha G7 deklaratsiyasiga qo‘shildi. Bu haqda kecha, 22 yanvar kuni Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Kiyevga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
“Ushbu deklaratsiya demokratik mamlakatlarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga safarbar qilishga qaratilgan”, deydi Tusk.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zlagan Donald Tusk Polsha Ukraina bilan moliyaviy va harbiy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini va Rossiya boshlagan urushda “Ukrainaning g‘alaba qozonish imkoniyatlarini oshirish” uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytdi.
"Bu kurashda polyak millati va Polsha davlati xavfsizligi ham xavf ostida qolmoqda", degan u.
O‘z navbatida, Zelenskiy Tusk bilan Ukraina va Polsha o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning barcha jihatlari bo‘yicha “juda samarali” muzokaralar olib borganini ma’lum qildi.
"Polshaning yangi mudofaa paketi mavjud. Biz bunday doimiy yordamni qadrlaymiz. Ukraina ehtiyojlari uchun qurol-yarog‘ sotib olishning keng ko‘lamli bo‘lishi maqsadida o‘zaro hamkorligimizning yangi shakli mavjud – bu Ukraina uchun Polsha krediti", deb yozgan Ukraina Prezidenti X’dagi sahifasida.
Shuningdek, Polsha va Ukraina yetakchilari ikki davlat o‘rtasidagi barcha bahsli masalalarni, jumladan, chegaradagi so‘nggi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq kelishmovchiliklarni ham hal qilishga va’da berdi.
“Biz Bosh vazir bilan barcha muhim masalalarni hukumat darajasida hal qilish mumkinligini muhokama qildik va bu boradagi ishlar yaqin orada boshlanadi”, deydi Vladimir Zelenskiy.
Donald Tuskning so‘zlariga ko‘ra, Polsha va Ukraina yuklar tranzitiga to‘sqinlik qilayotgan chegara masalalari bo‘yicha umumiy nuqtai nazarga ega.
Ma’lumot uchun, Kiyev va Varshava o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Polsha orqali eksport qilish bo‘yicha kelishmovchiliklar, shuningdek, polshalik yuk tashuvchilarning ukrainalik hamkasblari uchun urushdan oldin Yevropa Ittifoqiga kirish maqsadida olinadigan majburiy ruxsatnomalar bekor qilinishiga qarshi noroziliklari tufayli xiralashgan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 yanvar kuni ertalab Tusk Kiyevga yetib keldi, bu Polsha Bosh vaziri lavozimiga qaytganidan keyin Ukrainaga ilk safari.
LiveBarchasi