Polsha ham Kiyevga ko‘rsatgan yordami uchun “mukofotlandi”
Olam
−
23 mart 2023
11228Polsha Ukrainaga harbiy-texnik yordam ko‘rsatgani uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasidan 43 million yevro oldi. Hozirda Varshava jamg‘armadan yana 240 million yevro olish niyatida. Bu haqda bugun, 23 mart kuni Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy ma’lum qildi.
“Polsha ushbu fonddan jang qilayotgan Ukraina uchun qurol sotib olishni qayta moliyalash maqsadida 200 million zlotiy oldi. Biz xorijdan nafaqat o‘zimiz (Kiyevga) jo‘natgan qurollardan ancha zamonaviyroq aslaxalarni qabul qilib, armiyamizni mustahkamlablayapmiz, balki katta moliyaviy resurslarni ham olmoqdamiz. Endilikda yana 240 million yevro so‘ramoqchimiz. Ya’ni, yaqin ikki hafta ichida yana 1 milliard zlotiy Polshaga kirishi mumkin”, degan Polsha Bosh vaziri.
Ma’lumot uchun, Polsha Ukraina Qurolli kuchlariga T-72 tanklari, artilleriya snaryadlari va o‘q-dorilari, portativ zenit-raketa tizimlari, uchuvchisiz uchish apparatlari topshirgan. Shuningdek, Polshada Ukraina askarlari Leopard 2 tanklari va Krab gaubitsalariga texnik xizmat ko‘rsatishga o‘qitilmoqda. Tez orada Varshava Kiyevga Leopard 2 tanklarini topshiradi. Bundan tashqari, u o‘zining MiG-29 qiruvchi samolyotlarini ham Ukrainaga topshirishini e’lon qilgan. Umuman olganda, o‘tgan yil davomida Polsha Ukrainaga 2,2 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Slovakiya Kiyevga yetkazib berayotgan qiruvchi samolyotlari uchun AQSH va Yevropa Ittifoqidan 900 million dollar miqdorida kompensatsiya olishi ma’lum bo‘lgan edi.