Saylovoldi tashviqot: Rivojlangan davlatlardan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

Tahlil

image

Saylovlardagi eng muhim va uning taqdiriga bevosita ta’sir o‘tkazuvchi jarayon – bu saylovoldi tashviqotidir. Sababi, mazkur jarayon saylovchilar va siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlab, saylovchilarning nomzodlar borasidagi tanlovini osonlashtiradi.

Saylovoldi tashviqoti jarayoni tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur jarayon XIX asrning so‘nggida AQSH da o‘tkazilgan saylovlarda rasmiy tus olganligini ko‘rish mumkin. Biroq qadimgi tarixiy manbaalarning guvohlik berishicha, saylovlarda nomzodlarning o‘z rejalari va g‘oyalari bilan chiqishlar qilishi o‘rta asrlar Yevropa va Amerika davlatlari tarixida ham kuzatilgan.

Milliy saylov qonunchiligimizda saylovoldi tashviqotining huquqiy ta’rifi, uning turlari, o‘tkazilish tartibi va boshqa muhim masalalar huquqiy tartibga solingan. Xususan, Saylov kodeksining 44-moddasi 1-qismida saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyati deb belgilangan.

Saylovoldi tashviqoti xorijiy davlatlar, xususan, Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Norvegiya, Finlandiya, Avstriya, Turkiya, Yaponiya va boshqa davlatlarda saylov kodeksi va tegishli qonunlar bilan tartibga solingan. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Saylov kodeksining 1.3-moddasi 4-xatboshida saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasi davrida o‘tkaziladigan va saylovchilarni nomzodga, nomzodlarga yoki nomzodlikka ro‘yxatga olgan siyosiy partiyaga ovoz berishga yoki ovoz bermaslikka undashga qaratilgan faoliyat deya ta’riflangan. Shuningdek, Italiya Respublikasi Saylov kodeksiнинг 69-a-moddasida saylovoldi tashviqoti markaziy saylov organi tasdiqlagan dastur asosida ommaviy tadbirlar va namoyishlarning tashkilotchilari tomonidan mazkur tadbirlarda nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni chop etilgan holda tarqatish, videorolik ko‘rinishida yoki saylov organlari tomonidan tasdiqlangan shaklda internet tarmog‘i orqali tashviqot qilish kabilarni qamrab oluvchi faoliyat deb belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Saylovoldi tashviqotini o‘tkazish muddati Italiyada saylovdan 20 kun oldin boshlanib, 24 soat qolganida tugallanadi; Rossiyada saylovga kamida 10 kun qolganida boshlanib, 1 kun qolganida tugallanadi; Finlandiyada saylovga 48 kun qolganda boshlanib, mahalliy saylov organi tomonidan belgilangan vaqtda tugallanadi.

O‘zbekiston Respublikasida saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Mazkur normaning belgilanganligi saylovlarning adolatli va shaffof bo‘lishini ta’minlaydi. Negaki, saylovlarda saylovchilarning qandaydir moddiy manfaat yoki boshqa buyumlar uchun emas, aksincha, taraqqiyotga eltuvchi sog‘lom fikrlar uchun ovoz berishlari muhim ahamiyat kasb etadi. “Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur saylovlardagi tashviqotlarda xalqqa ertak aytuvchilar yoki sovg‘alar ulashuvchi qorbobolar emas, balki xalq bilan birga bo‘ladigan va okrugdagi muammo va kamchiliklarga ochiq ko‘z bilan qarab, ularni hal etishga ko‘maklashadigan deputatlarning saylanishi tobora oydinlashib bormoqda.

Saylov jarayonida saylovoldi tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullariga rioya qilish ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, Saylov kodeksining 45-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda tashviqotni olib borish turi sifatida siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish hamda nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish ko‘rinishida olib borish mumkin. Tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Mamlakatimizda tashviqotni olib borish shakli sifatida ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali; bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali; saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshirilishi mumkin. 

Bu borada xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Italiyada tashviqotni ommaviy tadbir, namoyish, aksiya, press-konferensiya, turli debatlar, yuzma-yuz uchrashuvlar ko‘rinishida; Rossiyada OAV dagi chaqiriqlar, press-konferensiya, turli debatlar, onlayn muloqotlar ko‘rinishida; Фрaнцияda onlayn (internet orqali murojaat qilish, videoroliklar, ijtimoiy sahifalardagi tashviqotlar) va offlayn (uchrashuvlar, debatlar, tashqi reklamalar) ko‘rinishida olib borilishi mumkinligi belgilanganligini ko‘rish mumkin.

Qayd etish lozimki, tashviqotning eng samarali turi sifatida nomzodlarning saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuvlarini aytish lozim. Chunki, mazkur uchrashuvlarda kimning dasturi hayotiy va ahamiyatli ekanligi, quruq va’dalardan holi ekanligi yuzaga chiqadi. Biroq, aksariyat hollarda uchrashuvlarning maddohona va xordiqbaxsh tadbirlarga aylanib qolayotganligi achinarli hol. Shu tufayli, saylovchilarni to‘g‘ri tanlovda adashmasliklari uchun tashvikotlarni qonunda belgilangan shakl va usullarda o‘tkazish muhim hisoblanadi. Negaki, bugungi saylovchi kechagi saylovchidan huquqiy ongi va faolligi, dolzarb ahamiyatga molik bo‘lgan g‘oyalarni tez anglab olishi bilan keskin farq qiladi. Bugungi saylovchini quruq va’dalar bilan aldab bo‘lmaydi. Shu sababli, tashviqotlarda saylovchilar tomonidan siyosiy uyg‘oq, tashabbuskor va shijoatli nomzodlar olqishlanmoqda, e’tirof etilmoqda. Bu 2019 yil 22 dekabr kuni o‘tkaziladigan saylovlarning uyushqoqlik va saylovchilarning faolligi ruhida o‘tishini anglatadi.

Akbarshox TESHABOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 
huzuridagi Qonunchilik muammolari va 
parlament tadqiqotlari instituti 
bo‘lim boshlig‘i
 


Maqola muallifi

Teglar

Saylov tashviqot

Baholaganlar

15

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing