Pokistondagi zo‘ravonliklar oqibatida 130 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
02 dekabr
2811Pokistonning shimoli-g‘arbida so‘nggi 10 kun ichida mazhablararo zo‘ravonliklarda kamida 130 kishi halok bo‘ldi, 200 kishi yaralandi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, joriy yilning 21 noyabr kuni mamlakatning Kurram tumanida qurolli shaxslar avtomashina karvoniga pistirma uyushtirib, asosan shia musulmonlari bo‘lgan 52 kishini o‘ldirishi oqibatida zo‘ravonliklar avj olgan. Hech kim hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, bu esa bir necha hududlarda raqib guruhlar tomonidan javob otishmalari va o‘t qo‘yishlarga sabab bo‘lgan.
So‘nggi 24 soat ichida janglarda 14 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi jarohat olgan. Hukumat amaldorlari 24 noyabr kuni otashkesimni yetti kunlik to‘xtatishga vositachilik qilgan, biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi.
Shia musulmonlari mamlakatning boshqa hududlarida ozchilik bo‘lsada, tumanning ba’zi qismlarida dominantlik qiladi. Ular, odatda, Pokistonda ko‘pchilikni tashkil etuvchi sunniy musulmonlar bilan tinch-totuv yashaydi.
Ammo iyul oyidan beri Kurramda yer mojarosi umumiy mazhablararo zo‘ravonlikka aylangani tufayli, ikki tomondan o‘nlab odamlar halok bo‘ldi.
Qurram komissari o‘rinbosari Javed Ulloh Maqsudning aytishicha, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun qabila oqsoqollari bilan muzokaralar olib borilmoqda va tinchlikni ta’minlash uchun xavfsizlik xodimlari safarbar etilgan.
Shuningdek, Maqsud hukumat hududida internet va mobil aloqa xizmatlarini tiklaganini aytgan.
Ammo Parachinor shahrini viloyat poytaxti Peshovar bilan bog‘laydigan asosiy magistral barcha transportlar uchun yopiqligicha qolmoqda, bu esa oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmon tanqisligiga olib keladi. Afg‘oniston bilan chegaradosh Xarlachida savdo va harakat to‘xtadi.
Kurram oqsoqoli Mir Afzal Xon zo‘ravonlik aholi yashash tarzining barcha jabhalariga ta’sir qilgani, odamlar sayohat qila olmagani, oziq-ovqat va dori-darmonlarning yetishmasligi sezilarli qiyinchiliklarga olib kelishini aytdi.
Kurram Pokiston “Tolibon” kabi qurolli guruhlar faoliyat yuritayotgan Xayber-Paxtunxva viloyatida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailandda suv toshqinlari oqibatida 9 kishi halok bo‘lgan, yuz minglab odamlar jabrlangandi. So‘nggi 30 yildagi eng dahshatli ofat mamlakat janubidagi sakkizta viloyatga ta’sir ko‘rsatib, yarim milliondan ortiq binolar vayron bo‘lgandi.
LiveBarchasi