Pokistondagi jazirama issiqda 600 ga yaqin odam halok bo‘ldi
Olam
−
28 iyun
4653Pokistondagi jazirama issiq ob-havo sharoiti oqibatida minglab odamlar shifoxonaga yotqizildi, 600 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ayniqsa, mamlakatning eng yirik shahri Karachida qurbonlar soni ko‘p qayd etilgan. Shahardagi havo harorati 40 darajadan oshgan. Lekin yuqori namlik tufayli issiqlik 49-50 darajani ko‘rsatmoqda. Mamlakatdagi eng yirik tez yordam xizmatini olib boradigan “Edhi” jamg‘armasi rahbari Feysal Edxiyning aytishicha, tashkilotga tegishli tez yordam mashinalari hafta boshidan beri jazirama qurbonlarining jasadlarini tashimoqda. Odatda Karachi shahar jasadlarni saqlash manziliga har kuni 30-40 jasad olib kelinadi. Ammo so‘nggi olti kun ichida bu raqam 568 taga yetgan. Birgina 25 iyun kuni 141 ta jasad keltirilgan. Jamg‘arma rahbari ularning aksariyati aholisi qashshoq tumanlardan kelganini ma’lum qilgan.
Jamg‘armaning Karachidagi uchta jasad saqlash binosi jami 264 ta jasadni sig‘dira oladi va ularning barchasi imkon qadar to‘ldirilgan.
“Biz uchta jasadni bitta tokchada saqlashga majburmiz. 22 ta jasadni zudlik bilan ko‘mishga majbur bo‘ldik va joy bo‘shatish uchun ularni odatdagidan ancha yaqin qilib joyladik. Shahardagi barcha jasad saqlash manzillari, hatto masjidlar ham joy yetishmasligiga duch kelmoqda”, deydi Feysal Edxiy.
Keltirilishicha, ularning barchasi ham issiq urishdan vafot etganligini aniq aytish imkonsiz. Lekin yuqori harorat, albatta, o‘lim sabablaridan biridir.
“Shifoxonaga kelganlarning aksariyati 60-70 yoshdagilar edi. Ba’zilari 45 yoshda, hatto 20 yoshdagilar ham bor. Biz ularga imkon qadar ko‘proq suv ichishni, yuqori haroratda yengil kiyim kiyishni maslahat berdik”, degan Edxiy BBC'ga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda jazirama issiq tufayli 50 dan ortiq odam halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi
04 noyabr