Pokistondagi to‘yda portlash sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor
Olam
−
24 yanvar 2012 2 daqiqa
Kecha, 23 yanvar kuni Afg‘oniston chegarasiga yaqin hududdagi to‘y marosimida portlash sodir bo‘ldi. Xudkushlik hujumi oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda politsiya xodimi Muhammad Adnanga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pokistonning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Dera-Ismoil Xon tumanida to‘y marosimi vaqtida “Tinchlik qo‘mita”si a’zolari joylashgan binoda portlash yuz bergan. Politsiya xodimining so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida o‘nga yaqin kishi jarohatlangan. Hozircha hech bir guruh portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Mazkur qo‘mita mahalliy aholi va oqsoqollardan iborat bo‘lib, Islomobod tomonidan Afg‘oniston chegarasi bo‘ylab joylashgan hududlarda jangarilarga qarshi kurashadi. Afg‘oniston chegarasining har ikki tomonida faoliyat yurituvchi “Pokiston Tolibon” harakati (Tehrik-e-Tolibon Pokiston) “Tinchlik qo‘mita”si a’zolarini “xoinlar” deb atab keladi.
“Pokiston Tolibon” harakati bir nechta jangari guruhlardan iborat bo‘lib, 1997 yildan buyon davlatga qarshi kurash olib bormoqda. Ularning e’lon qilingan maqsadi Pokistondagi boshqaruv tizimini qat’iy islom qonunlari asosida o‘zgartirishdan iborat.
Islomobod Afg‘oniston “Toliboni”ni mamlakat hududidan hujumlarni rejalashtirishga ruxsat berayotganlikda ayblaydi. Qobul esa bu da’volarni rad etib, jangarilik Pokistonning ichki muammosi ekanini da’vo qiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pokiston va Afg‘oniston chegarasida otishma sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi