Pokistonda yuk samolyoti bedarak yo‘qoldi

Olam

image

Kecha, 7 iyul kuni kechqurun Pokistonning Karachi shahriga Birlashgan Arab Amirliklaridan uchib ketayotgan yuk samolyoti radar va aloqadan uzilib, bedarak yo‘qoldi. Hodisa yuzasidan Arab dengizida keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari boshlandi. Bu haqda “Assoicated Press” xabar berdi.

Pokiston aeroportlari ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Karachida joylashgan K2 Airways aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737 yuk samolyoti Sharjadan Karachiga parvoz qilayotgan vaqtida bortda 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Qayd etilishicha, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 21:18 da navigatsiya tizimida nosozlik yuzaga kelgani haqida dispetcherlarga xabar bergan. Oradan uch daqiqa o‘tib, havo kemasi keskin balandlikni yo‘qotgan va yo‘nalishini o‘zgartirgan. Ko‘p o‘tmay u Karachidan taxminan 287 kilometr g‘arbda radar va radio aloqasidan uzilgan.

Voqeadan so‘ng Pokiston aeroportlari ma’muriyati Qutqaruvlarni muvofiqlashtirish markazini ishga tushirgan. Harbiy-dengiz kuchlari va boshqa mas’ul idoralar ishtirokida Arab dengizida qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda.

Samolyotning g‘oyib bo‘lishiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Aviatsiya mutaxassisi Imron Aslamning aytishicha, hatto dvigatel ishdan chiqqan taqdirda ham samolyot odatda ma’lum masofagacha uchishda davom etadi. Shu bois havo kemasining qisqa vaqt ichida keskin balandlikni yo‘qotib, radar ekranidan yo‘qolishi mutaxassislarda savollar uyg‘otmoqda.

“Men hali ham samolyot uchish o‘rniga qanday qilib bunchalik to‘satdan qulaganini tushuna olmayapman”, deydi u.

Rasmiylar qidiruv ishlari yakunlari va hodisa sabablari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 24 iyul kuni Rossiyaning Amur viloyatida yo‘lovchi tashuvchi An-24 samolyoti samoda aloqaga chiqmay yo‘qolib qolgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing