Pokistonda terakt sodir etildi. 16 harbiy halok bo‘ldi
Olam
−
14:19
1724Pokistonning shimoli-g‘arbiy Xayber-Paxtunxva viloyatida hukumatga qarshi jangari guruhlar tomonidan harbiylar qo‘riqlayotgan nazorat-o‘tkazish punktiga hujum uyushtirildi. Oqibatida kamida 16 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘ldi, 5 nafari og‘ir yaralandi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, hodisa bugun, 21 dekabr kuni tungi vaqtda Afg‘oniston chegarasidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Makin tumanida sodir bo‘lgan. Hujumda 30 nafar jangari ishtirok etgan va ular bilan jang bir necha soat davom etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, jangarilar nazorat-o‘tkazish punktini egallab, u yerda joylashgan aloqa uskunalarini yo‘q qilishga va qurollarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning dastlabki 11 oyida Pokistonda jangarilar tomonidan amalga oshirilgan 856 ta hujum oqibatida 1 082 kishi halok bo‘lgan. Noyabr oyida zo‘ravonlik keskin oshib, butun mamlakat bo‘ylab 245 kishi, shu jumladan 68 nafar harbiy va politsiya xodimi halok bo‘lgan. Jangarilar va ekstremistik guruhlarning 127 a’zosi otishmalar davomida o‘ldirilgan. Joriy yilda eng ko‘p terrorchilik hujumlari Xayber-Paxtunxva viloyatida ro‘y bergan. Hududda ekstremistlar tomonidan uyushtirilgan 50 ta terakt va hujum oqibatida 71 kishi halok bo‘lgan, 85 kishi esa jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning shimoli-g‘arbiy mintaqasidagi Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi qurolli to‘qnashuvlarda 6 nafar harbiy va 22 nafar jangari halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi