Pokistonda havo ifloslanishi ortidan jiddiy choralar ko‘rilmoqda
Olam
−
09 noyabr
1306Pokistonning keng sharqiy hududlaridagi hokimiyat organlari kecha, 8 noyabr kuni rekord darajadagi tutun tufayli maktablar va davlat idoralari ortidan barcha bog‘ va muzeylarni ham yopish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu yangi cheklovlar Panjob viloyatining Lahor kabi yirik shaharlarini o‘z ichiga olgan 18 ta tumanida o‘n kun davomida amal qiladi. Lahorda iflos havo osmonni qoplab, ko‘ruvchanlikni taxminan 100 metrga cheklab qo‘ygan.
Cheklov barcha jamoat bog‘lari, hayvonot bog‘lari, muzeylar, tarixiy joylar va bolalar maydonchalariga taalluqli. Maktablar va davlat idoralari esa 17 noyabrgacha yopilgan.
O‘tgan oydan beri 14 million aholiga ega Lahor va Panjobning boshqa hududlari “yovuz tutun” ichida qolgan va sog‘liqni saqlash mutasaddilariga ko‘ra, 30 mingdan ortiq odam tutun ta’sir ko‘rsatgan tumanlarda nafas yo‘llari kasalliklaridan davolanmoqda.
Panjob Tabiatni muhofaza qilish departamenti matbuot kotibi Sajid Bashirning aytishicha, yangi cheklovlar odamlarni uyda qolishga undash va ularni rekord darajadagi havo ifloslanishidan yaxshiroq himoya qilish maqsadida kiritilgan.
“Aks holda ota-onalar va bolalar bu joylarga tashrif buyurayotgan edi. Biz odamlarni uyda qolishga va keraksiz safarlardan saqlanishga chaqiramiz”, dedi Bashir.
Kecha, 8 noyabr kuni Lahorda barcha bozorlar va to‘yxonalarni kechki payt yopishga buyruq berilgan. Bashirning bildirishicha, shu kuni Lahor dunyodagi eng iflos shaharga aylangan va havo sifati indeksi 600 dan yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Bunda 300 dan yuqori ko‘rsatkichlar sog‘liq uchun xavfli hisoblanadi. Shaharda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich cho‘qqisi 6 noyabr kuni 1100 dan oshgan.
“Lahor havosidan niqobsiz nafas olish kuniga bir necha pachka sigaret chekishga teng”, deydi doktor Hafizur Rahmon.
Maktablar yopilishi xususiy va davlat maktablarining vakillariga ko‘ra, 20 milliondan ortiq o‘quvchining ta’lim olishiga ta’sir qiladi.
“Save the Children” xayriya tashkilotining Pokiston bo‘yicha direktori Xuram Gondal hukumatni bolalar kelajakda darslarni o‘tkazib yubormasligi uchun ifloslanish muammosini bartaraf etishga qaratilgan uzoq muddatli yechimlarni tezroq amalga oshirishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lahorda kuchli havo ifloslanishi sababli maktablar 1 haftaga yopib qo‘yilgan edi.
LiveBarchasi