Pokiston masjiddagi portlashda Hindistonni aybladi
Olam
−
02 Oktabr 2023
4469Pokiston muvaqqat hukumati Hindistonning Research and Analysis Wing (RAW) razvedka agentligini joriy yilning 29 sentyabr kuni 57 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlar ortida turganlikda aybladi. Bu haqda muvaqqat hukumatning ichki ishlar vaziri Sarfaraz Ahmad Bugti ma’lum qildi.
Bugtining aytishicha, hujumlar Mavlud kechasi (Muhammad payg‘ambarning tavallud kuni) uchun Balujiston va Xayber-Paxtunxva viloyatlarida to‘plangan fuqarolarga qaratilgan.
Bugti terror guruhlari va ularning faoliyatini kimlar qo‘llab-quvvatlayotganini yaxshi bilishini va 57 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujumlar ortida RAW turganini aytgan.
Vazir Bugti RAW “Pokiston Toliboni”ni qo‘llab-quvvatlayotganini da’vo qilmoqda. Nyu-Dehli ma’muriyati esa ayblovlarga hozircha javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 sentyabr kuni Pokistonning Balujiston viloyatidagi Mastung tumanida aholi Mavlud kechasi uchun yig‘ilgan masjid yaqinida terakt sodir etilgandi. Shu kuni Xayber-Paxtunxvaning Xangu tumanida ham xudkushlik hujumi sodir bo‘ldi. Teraktlar oqibatida 57 kishi halok bo‘lgan, 140 dan ortiq kishi jarohatlangan.
LiveBarchasi