Pokiston 1,7 mln afg‘on qochqinlarini mamlakatdan chiqarib yubormoqchi

Olam

image

Pokiston hukumati 1,7 million kishini tashkil etuvchi barcha noqonuniy afg‘on qochqinlariga 1 noyabrgacha mamlakatni tark etishni buyurdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bu qaror Islomobodning Afg‘onistonda joylashgan jangarilar tomonidan uyushtirilayotgan hujumlar ikki davlat chegarasida keskinlikni keltirib chiqarayotgani haqidagi ayblovidan so‘ng qabul qilindi. Oqibatda Islomobod noqonuniy muhojirlar bilan shug‘ullanish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat – “Tolibon” Pokistonning bu harakatini nomaqbul deb atagan va uni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1,3 millionga yaqin afg‘on Pokistonda qochqin sifatida ro‘yxatga olingan, yana 880 ming nafari esa ularga mamlakatda qolishga ruxsat beruvchi huquqiy maqomga ega.

Ammo Pokiston Ichki ishlar vaziri Sarfraz Bugti yana 1,7 million kishi mamlakatda noqonuniy yashayotganini aytib, bu bilan u qochqin maqomini olmaganlarni nazarda tutgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar oy oxirigacha mamlakatni tark etishi kerak.

“Agar ular ketmasa, u holda viloyatlardagi barcha huquq-tartibot idoralari yoki federal hukumat ularni deportatsiya qilishda ishtirok etadi”, deya qo‘shimcha qilgan Pokiston IIV rahbari.

Shuningdek, Bugti mamlakatdagi noqonuniy yurgan  afg‘onlarning shaxsiy bizneslari va mulklarini aniqlash va musodara qilishdan iborat maxsus guruh tashkil etilishini e’lon qilgan.

O‘z navbatida, “Tolibon” ma’muriyatining Qobuldagi vakili Zabihulloh Mujohid afg‘on qochqinlarining Pokiston xavfsizlik muammolariga aloqasi yo‘qligini bildirgan.

Pokistondagi afg‘on rasmiylarining aytishicha, mahalliy hukumat allaqachon huquqiy maqomga ega va ega bo‘lmagan afg‘onlarni to‘plashni boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston afg'on qochqinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing