Pokiston Hindiston bilan Kashmir borasida muzokara o‘tkazmoqchi
Olam
−
17 yanvar 2023
5345Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif hindistonlik hamkasbi Narendra Modini munozarali masalalar, jumladan, Kashmir mintaqasi bo‘yicha muzokaralar olib borishga chaqirdi. Bu haqda “Associated Press” axborot agentligi xabar berdi.
“Hindiston rahbariyati va Bosh vazir Narendra Modiga murojaatim shuki, keling, muzokaralar stoliga o‘tirib, Kashmir kabi dolzarb muammolarni hal qilish uchun jiddiy va samimiy suhbat quraylik”, dedi Shahboz Sharif o‘z chiqishida.
Xususan, u rasmiy Islomobod Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida yashovchi ozchilik ahvolidan, shuningdek, mintaqada 2019 yilda amalga oshiriladigan ma’muriy islohotdan xavotirda ekanini ta’kidlagan. Siyosatchi Pokiston va Hindiston hamisha qo‘shni bo‘lib qolishini, shuning uchun ham har ikki davlatning iqtisodiy farovonligi yo‘lida tinch-totuv yashashi kerakligini aytgan.
“Tinchlikda yashash va oldinga borish yoki bir-birimiz bilan janjallashib, vaqt va resurslarni yo‘qotish – bu o‘zimizga bog‘liq. Biz Hindiston bilan uch marta urush qildik va bu odamlarga faqat azob-uqubat, qashshoqlik va ishsizlik olib keldi. Biz saboq oldik va endilikda haqiqiy muammolarimizni hal qilishni xohlaymiz. Resurslarni bomba va qurollarga isrof qilish emas, balki farovonlikka erishish uchun odamlarimizni ta’lim, sog‘liqni saqlash xizmatlari hamda ish bilan ta’minlashga sarflashimiz lozim. Mening bosh vazir Modiga murojaatim shu”, dedi Sharif.
Ma’lumot uchun, Hindiston-Pokiston mojarosi uzoq yillik tarixga ega bo‘lib, davlatlar orasida 1947, 1965, 1971, 1999 yillarda qonli urushlar bo‘lgan. Ularda 26 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Hozirgacha chegara yaqinlarida bo‘lib kelayotgan harbiylar to‘qnashuvlari ham mahalliy aholiga katta xavf tug‘dirmoqda.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi