Pogba klubsiz qoldi

Sport

image

“Monako”ning fransiyalik yarim himoyachisi Pol Pogba o‘zaro kelishuvga ko‘ra jamoasi bilan shartnomani bekor qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Pogba “Monako” bilan 2025 yil iyun oyida shartnoma imzolagan va kelishuv 2027 yil 30 iyungacha amal qilishi belgilangan edi.

“Klub 2018 yilgi Jahon chempionati g‘olibiga bizga bildirgan ishonchi va “Monako”dagi faoliyati davomida namoyish etgan yuqori darajadagi professionalligi uchun chuqur minnatdorlik bildiradi”, deyiladi klub bayonotida.

Pogba ham klub bilan xayrlashar ekan, jamoa rahbariyati, hamyurlari, xodimlar va muxlislarga minnatdorlik bildirgan.

“Prezident va rahbariyatga, jamoadoshlarimga, barcha xodimlarga hamda menga ishongan muxlislarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Ushbu klub va Knyazlik sharafini himoya qilish men uchun ajoyib tajriba bo‘ldi”, deydi Pogba.

Ma’lumot uchun, 33 yoshli Pogba “Monako” safida atigi 6 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U 2018 yilgi Jahon chempionati g‘olibi, shuningdek, 2016 yilgi Yevropa chempionatida kumush medal sohibi hisoblanadi. Faoliyati davomida Pogba Italiyaning “Yuventus” va Angliyaning “Manchester Yunayted” klublarida to‘p tepgan. U “Manchester Yunayted” bilan 2017 yilda Yevropa ligasida g‘olib chiqqan.

Fransiyalik futbolchi “Yuventus” bilan to‘rt marta Italiya chempioni bo‘lgan, uch marta Italiya Superkubogi va ikki marta Italiya Kubogini qo‘lga kiritgan.

2024 yil fevral oyida Pogba dopingga qarshi qoidalarni buzgani uchun to‘rt yilga futboldan chetlatilgan edi. Biroq o‘sha yil oktyabr oyida Sport arbitraj sudi diskvalifikatsiya muddatini 18 oyga qisqartirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing