“Podstansiyasida avariya sodir bo‘lmagan”. Aeroportdagi elektr uzilishining asl sababi ochiqlandi
Jamiyat
−
06 yanvar 6935 2 daqiqa
Bugun, 6 yanvar kuni “Uzbekistan Airports” tomonidan Toshkent aeroportida qisman elektr uzilishi sodir bo‘lgani haqida xabar e’lon qilingan edi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati ushbu xabarning Qo‘yliq podstansiyasida kichik nosozlik bo‘lgani haqidagi bandini rad etib, elektr uzilishining sabablarini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ushbu xabar OAV hamda jamoatchilikda noto‘g‘ri talqin paydo bo‘lmasligi uchun, rasmiy izoh berdi. Unga ko‘ra, elektr uzilishi aynan Toshkent aeroporti tasarrufidagi elektr qurilmasida (kabelda) yuz bergan qisqa tutashuv tufayli sodir bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Toshkent xalqaro aeroportining tashqi elektr ta’minoti normal sxemada “Qo‘yliq” PSdan chiquvchi 35 kVli 4 ta L-Aeroport-2,4,5 hamda “Toshkent IEM” dan chiquvchi 35 kVli L-Aeroport-1 kabel tarmoqlari orqali ta’minlangan.
Joriy yilning 2 yanvar kuni soat 10:20 da 35 kVli L-Aeroport-2,4 kabel tarmoqlari avariyaviy o‘chgan. 4 -yanvar kuni soat 18:13 da L-Aeroport-2 tarmog‘i qayta ishga qo‘yilgan. Hozirda L-Aeroport-4 kabel tarmog‘i ta’mirda.
Shu bilan birga, 4 yanvar kuni soat 01:47 da 35 kVli L-Aeroport-1 kabel tarmog‘i avariyaviy o‘chgan. Mazkur tarmoq kecha, 5 yanvar kuni soat 17:27 da qayta ishga qo‘yilgan. Mazkur 35 kVli kabel tarmoqlari iste’molchi (Toshkent aeroporti) tasarrufida.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati bilan bog‘landi. Jamiyatning ma’lum qilishicha, haqiqatan ham elektr uzilishi aynan Toshkent aeroporti tasarrufidagi kabelda yuz bergan qisqa tutashuv tufayli sodir bo‘lgan. Biroq “Uzbekistan Airports” ushbu kabellarga xizmat ko‘rsatish va nazorat qilish “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan amalga oshirilishini ta’kidladi.
Live
Barchasi