“Podsho emas, urush quli”. Zelenskiy Myunxenda Putinga qarshi keskin bayonot berdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimiri Putin o‘zini “podsho” deb biladi, ammo aslida u “urushning quli”. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasidagi chiqishida aytib o‘tdi.

“U hokimiyatsiz va hokimiyatdan keyingi hayotni tasavvur qila olmaydi. Oddiy narsalar uni qiziqtirmaydi. U tirik odamlar bilan emas, ko‘proq Pyotr I va Yekaterina Buyuk bilan “maslahatlashadi”. Hozir uning diqqat markazida Ukraina, ammo u boshqa Yevropa davlatlarini ham tinch qo‘ymaydi, chunki u urush g‘oyasidan voz kecha olmaydi.

U o‘zini podsho deb biladi, ammo aslida u urushning quli. Agar u yana 10 yil yashasa, urush qaytadi va yanada kengayadi. Shuning uchun Ukraina va Yevropa uchun kuchli xavfsizlik kafolatlari zarur. Bu kafolatlar tinchlik kelishuvlaridan oldin paydo bo‘lishi kerak. Biz bilamizki, AQSH Prezidenti Donald Tramp bizni eshitmoqda, Kongress bizni eshitmoqda va Amerika xalqi bizni eshitmoqda. Haqiqiy yordam uchun minnatdormiz”, deydi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy chiqishi davomida Viktor Orbanni ham keskin tanqid qilgan.

“Bizning xalqimiz ortida mustaqil Polsha va erkin Boltiqbo‘yi davlatlari turibdi. Balki suveren Moldova ham turar. Hatto bir Viktor esa qornini qanday kattalashtirish haqida emas, balki Rossiya tanklarining Budapesht ko‘chalariga qaytishini to‘xtatish uchun armiyasini qanday kuchaytirish haqida o‘ylashi kerak”, deydi u.

Zelenskiy imkon qadar tezroq saylov o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan, biroq buning uchun avvalo urush to‘xtashi va Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilishi lozimligini ta’kidlagan.

“Agar Prezident Tramp Putinni ikki-uch oy davom etadigan sulhga ko‘ndira olsa, biz saylov o‘tkazamiz”, deydi u.

Zelenskiy, shuningdek, Tramp tinchlik bitimini birdaniga tuzishni xohlashini, chunki unga “hammasi bir katta paketda amalga oshirilishi” yoqishini aytgan. Ammo Ukraina Prezidenti kelishuvlarga bosqichma-bosqich erishish muhimligini qayd etgan.

U Ukrainadagi energetika inqirozi masalasiga ham to‘xtalgan. “Bild” ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy Rossiya zarbalaridan so‘ng Ukrainada to‘liq saqlanib qolgan birorta ham elektr stansiyasi qolmaganini aytgan.

“Ukrainada Rossiya hujumlaridan zarar ko‘rmagan birorta ham elektr stansiya yo‘q. Birortasi ham”, deydi u.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, faqat yanvar oyining o‘zida Ukraina qariyb 6000 ta dron, 150 dan ortiq raketa va 5000 dan ziyod boshqariladigan aviabombalar hujumini qaytargan.

Ukraina Prezidenti havo hujumidan mudofaa tizimi holatini yashab qolish masalasi deb atagan. Shu bilan birga, u Kiyevni “faqat so‘z bilan emas, amalda ham” qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga minnatdorlik bildirgan, xususan Germaniya, Norvegiya va Niderlandiya yordamlarini, shuningdek AQSH orqali yetkazib berilayotgan qurollarni alohida ta’kidlagan.

Zelenskiy Eron rahbariyatini ham Rossiyaga dron yetkazib berayotgani uchun tanqid qilgan. Uning aytishicha, Ukraina Eron bilan mojaroda emas, biroq aynan Eron dronlari Ukraina shaharlariga hujumlarda qo‘llanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Eronning sobiq valiahd shahzodasi, surgundagi siyosatchi Rizo Pahlaviy bilan uchrashgani haqida xabar berilgan di.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Myunxen xavfsizlik konferentsiyasi Vladimiri Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing