Pxenyan AQSHga qarshi javob choralari ko‘rmoqchi
Olam
−
06 noyabr 2025 5336 2 daqiqa
Shimoliy Koreya Vashington tomonidan noqonuniy faoliyatdan tushgan mablag‘larni “yuvish”da ayblangan shaxslar va tashkilotlarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni “dushmanona harakat” deb atadi. KXDR Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Kim In Chxol AQSHning qator shimoliy koreyalik bankirlar va moliya institutlarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish qarorini keskin tanqid qildi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Diplomat ta’kidlashicha, Donald Tramp ma’muriyati Shimoliy Koreyaga nisbatan bir tomonlama sanksiyalarni bugacha besh marta joriy etgan bo‘lib, bu “Pxenyan siyosatining Vashingtonga nisbatan o‘zgarishi haqidagi har qanday taxminlarga nuqta qo‘ygan”.
Kimning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning bu harakatlari “ochiqdan-ochiq dushmanona pozitsiyani namoyon etadi”, va Pxenyan “mos javob choralarini ko‘radi”.
AQSH ma’muriyati 4 noyabr kuni kiberjinoyatlar va boshqa noqonuniy operatsiyalar orqali olingan mablag‘larni yuvishda ishtirok etgan, deb ayblangan sakkiz nafar jismoniy va ikki yuridik shaxsga qarshi sanksiyalar joriy etganini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, KXDR rahbari Kim Chen In va AQSH Prezidenti Donald Tramp 2018-2019 yillarda uch marta uchrashgan, ammo keyinchalik Pxenyan Vashington bilan muloqotni to‘xtatgan.
Sentyabr oyida Kim Chen In AQSHni yadrodan voz kechish talabini diplomatik muzokaralarni qayta boshlash uchun shart sifatida qo‘yishdan voz kechishga chaqirgan edi.