Piyodani urib yuborgan Bosh prokuratura haydovchisiga hukm o‘qildi

Jamiyat

image

2019 yil 15 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Jamshid Abdurahmonov (1988 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, Bosh prokuratura haydovchisi bo‘lib ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi Qahramon Mirsafoyev tomonidan ko‘rib chiqildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, Jamshid Abdurahmonovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi Jamshid Abdurahmonovga 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Jamshid Abdurahmonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi.

Sudlanuvchi Jamshid Abdurahmonovga jazo turi va miqdorini tayinlashda, sud uning aybiga to‘liq iqrorligini, chin ko‘ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmagan hisoblanishini, moddiy va ma’naviy zarar to‘liq qoplaganini, jabrlanuvchining unga nisbatan da’vosi yo‘qligini va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘raganini jazosini yengillashtiruvchi holatlari deb topib, jazoni og‘irlashtiruvchi holat yo‘q deb hisoblab, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, uning shaxsini, jamoat himoyachisi tomonidan unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘rab, o‘zi kafillikka olishi haqidagi fikrini va “Yangi zamon” MFY nomidan berilgan kafolat xatini e’tiborga olib, unga ushbu modda sanksiyasi doirasida nazarda tutilgan muayyan huquqdan mahrum qilish va ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijroga qaratmasdan, uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin deb hisoblab, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 72-moddasini qo‘llagan holda shartli hukm qilib, sinov muddati belgilashni lozim topdi.

Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Sud hukmi Oliy sud

Baholaganlar

84

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing