Peterburgda podpolkovnikning avtomobili portlab ketdi – OAV (video)
Olam
−
16:57 3474 1 daqiqa
Bugun, 27 avgust ertalab Sankt-Peterburgning Pushkin tumanidagi Slavyanka mikrorayonida podpolkovnik unvonidagi harbiy xizmatchi va uning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan avtomobil portlab ketdi. Erkak voqea joyida halok bo‘lgan, ayol reanimatsiyaga yotqizilgan. Bu haqda “Fontanka” xabar berdi.
Qayd etilishicha, portlash ertalab soat 10 lar atrofida Kolpino shossesidagi “Magnit” do‘koni yonida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilda qo‘lbola portlash moslamasi harakatga kelgan. Nashrning yozishicha, portlash oqibatida er-xotinning oyoqlari uzilib ketgan. Hozircha hodisa sababi rasman aniqlanmagan.
“Shot” ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning Geely krossoveri portlab ketgan. Portlash haydovchi dvigatelni o‘t oldirgan ondayoq yuz bergan. Avtomobilning orqa oynasi chiqib ketgan, kapoti va orqa bamperi uzilib tushgan, kuzovi jiddiy deformatsiyaga uchragan, parchalari esa o‘nlab metrga sochilib ketgan.
“Ostorojno, novosti” guvohlarga tayanib xabar qilishicha, portlash oqibatida yaqin atrofda to‘xtab turgan avtomobillarga ham zarar yetgan. Halok bo‘lgan shaxsning shaxsi va portlash holati haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskvada Federal xavfsizlik xizmatining iste’fodagi general-mayori Igor Laptevning jasadi topilgandi.
Live
Barchasi